Jahon

Vashington «o‘z qobig‘iga» qaytmoqda: Trampning yangi harbiy strategiyasi dunyoni qanday o‘zgartiradi?

Vashington «o‘z qobig‘iga» qaytmoqda: Trampning yangi harbiy strategiyasi dunyoni qanday o‘zgartiradi?

Pentagon tomonidan e’lon qilingan «2026-yilgi Milliy mudofaa strategiyasi» (NDS) nafaqat AQSh harbiy doktrinasini, balki dunyo geosiyosiy tartibini ostun-ustun qilib yuborishi mumkin. Yangi hujjat shuni ko‘rsatadiki, Amerika endi dunyo politsiyachisi bo‘lishdan charchagan va bor e’tiborini o‘z chegaralarini himoya qilishga qaratmoqchi.

Ittifoqchilar uchun «sovuq dush»

Yangi strategiyaning eng shov-shuvli qismi — AQShning ittifoqchilari, ayniqsa Yevropa va Osiyodagi hamkorlariga nisbatan munosabati. Vashington ularga yordamni «cheklab qo‘yishini» ochiq-oydin ma’lum qildi. Pentagonning xabari aniq: «Sizning xavfsizligingiz — sizning muammoingiz». Endilikda ittifoqchilar AQShning harbiy «soyaboniga» emas, ko‘proq o‘z hamyonlari va qurolli kuchlariga tayanishlariga to‘g‘ri keladi.

Ayniqsa, hujjatda Tayvan nomining biror marta ham tilga olinmagani Pekin uchun kutilmagan sovg‘a, Taypey uchun esa jiddiy ogohlantirish bo‘ldi.

Raqiblar bilan «muloyim» muloqot

Bayden ma’muriyati davrida Rossiya va Xitoyga nisbatan ishlatilgan «o‘tkir tahdid» kabi iboralar tarixda qoldi. Endilikda Tramp ma’muriyati Pekin bilan «hurmatga asoslangan» munosabatlarni afzal ko‘rmoqda. Rossiyadan kelayotgan xavf esa «boshqarsa bo‘ladigan» darajadagi muammo sifatida baholanmoqda. Bu esa G‘arbning Rossiyaga nisbatan qat’iy pozitsiyasi sezilarli darajada yumshashidan dalolat beradi.

Chegara xavfsizligi — yangi front chizig‘i

Yangi doktrina Pentagonning asosiy dushmani sifatida xorijiy davlatlarni emas, balki AQShning janubiy chegaralaridagi vaziyatni ko‘rsatmoqda. «Chegara xavfsizligi — milliy xavfsizlikdir» degan tamoyil asosida Pentagon endi bor kuchini noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirishga safarbar etadi. Bu AQSh harbiy kuchlarining ichki siyosatga misli ko‘rilmagan darajada aralashishini anglatadi.

Lotin Amerikasi: «Tramp doktrinasi» amalda

Hujjatda ikki asrlik «Monro doktrinasi»ga Tramp tomonidan kiritilgan yangi «tuzatishlar» alohida o‘rin egallagan. Vashington G‘arbiy yarim sharni o‘zining shaxsiy hududi deb e’lon qilib, bu yerda harbiy ustunlikni qayta tiklashga va’da bermoqda. Venesueladagi so‘nggi operatsiyalar va giyohvand moddalar tashuvchi qayiqlarga nisbatan ochiq dengizdagi shafqatsiz zarbalar ushbu agressiv siyosatning amaldagi isbotidir.

Iqlim o‘zgarishi endi «tahdid» emas

Qiziq jihati shundaki, avvalgi strategiyada global xavfsizlikka eng katta tahdidlardan biri deb ko‘rsatilgan iqlim o‘zgarishi yangi hujjatdan butunlay g‘oyib bo‘lgan. Pentagon endi muzliklarning erishi bilan emas, balki aniq harbiy nishonlar va chegara devorlari bilan shug‘ullanadi.


2026-yilgi Milliy mudofaa strategiyasi Amerikaning «Avval Amerika» (America First) tamoyilini harbiy jihatdan to‘liq qonuniylashtirdi. Bu yangi davrda dunyo mamlakatlari AQShning doimiy himoyasidan umidlarini uzib, o‘z xavfsizliklari uchun yangi ittifoqlar qidirishga majbur bo‘ladilar.

Maqola muallifi: Lobar Axmedova