Jahon

Gapi o‘tmagan joyga boj! Trumpning navbatdagi qurboni — Kanada

Gapi o‘tmagan joyga boj! Trumpning navbatdagi qurboni — Kanada

Dunyoni o‘zining shaxsiy kazinosiga aylantirib olgan Donald Trump navbatdagi qaltis stavkani tikdi: yo Kanada AQShning shimoliy «huzurbaxsh» iqtisodiy koloniyasiga aylanadi, yoki 100 foizlik bojlar ostida qolib, iqtisodiy «tosh davri»ga qaytadi. Trumpning Kanada Bosh vaziri Mark Karnini mensimasdan «gubernator» deb atashi — bu shunchaki til uchidagi xato emas, balki Ottavaga yuborilgan ochiqdan-ochiq «sen mustaqil emassan» degan xabardir. U Kanadani o‘zining 51-shtati sifatida ko‘rishini yashirib ham o‘tirmaydi.

Vaziyatning kulminatsiyasi Davosda yuz berdi. Mark Karni u yerda dunyo tartibi «parchalanish yoqasida» ekanligini aytib, Trumpning kibriga qarshi isyon ko‘tardi. Bunga javoban «sariq» siyosatchi Kanadani «Xitoyning o‘tkazish punkti» deb e’lon qildi. Gap shundaki, Kanada hukumati AQShning tishiga tegib turgan Xitoy elektromobillari uchun eshiklarni ochdi — yiliga 49 000 ta mashina evaziga o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Pekin bozoriga tiqishtirdi. Trump uchun bu — xiyonat. Uning nazarida Kanada «Amerika nonini yeb, Xitoyga kosa tutmoqda».

Ammo bu o‘yinda qurbonlar faqat kanadaliklar emas. Agar 100 foizlik bojlar urilsa, Kanada eksportining 85 foizi falaj bo‘ladi, lekin AQShning o‘zida ham non va benzin narxi osmonga chiqadi. Bu — ikki tomoni ham o‘tkir pichoq. Karni esa «bankircha» mantiq bilan tuxumlarni bir savatga solmaslikka urinmoqda: u AQShni «xatarli hamkor» deb hisoblaydi va Qatar, Yevropa Ittifoqi hamda Xitoy bilan yangi iqtisodiy portfel yig‘ishni boshlagan.

Trumpning «Board of Peace» (Tinchlik kengashi) ro‘yxatidan Karnini chiqarib tashlashi va unga nisbatan «shaxsiy adovati» Shimoliy Amerikadagi 30 yillik barqarorlikni kulga aylantirishi mumkin. Dunyo yana bir necha yil davomida Trumpning bu injiq va agressiv siyosatiga chidashga mahkum, ammo asosiy savol ochiq qolmoqda: Ottava o‘z suverenitetini 100 foizlik bojga almashtiradimi yoki oxirigacha qarshilik ko‘rsatadimi?