Majburiy ijro byurosi sud va boshqa organ hujjatlari ijrosini taʼminlab, shu orqali fuqarolarimiz va jamiyat manfaatini himoya qilishga xizmat qiladi.

Biroq sud hujjatlari ijrosini bajarishga masʼul boʻlgan davlat ijrochilarining qonuniy xatti-harakatlarini bajarishlariga toʻsqinlik qilish holatlari ham yoʻq emas.

Byuroning Qamashi tuman boʻlimi ish yurituvidagi Qamashi tuman maʼmuriy sudining 21.10.2019 yildagi qaroriga asosan qarzdor N.Qandaxarovdan davlat foydasiga 669 ming soʻm maʼmuriy jarima undirish belgilangan.
Qarzdor ushbu maʼmuriy jarimani oradan 2.5 yil vaqt oʻtgan boʻlsada, toʻlamasdan kelgan. Shu sababli, davlat ijrochilari joriy yilning 24 may kuni «Tegirmonqul» qishlogʻida joylashgan qarzdorning yashash manziliga borib, qarzdorlik evaziga bir dona «Roison» rusumli televizorni xatlab olib ketishadi. Soʻngra ushbu qishloq hududida boshqa ijro harakatlarini amalga oshirayotgan vaqtda, ularning ortidan qarzdorning ukasi, onasi va yangasi borishib, ularni haqorat qilib, xatlab olingan televizorni qaytarib berishini aytib, janjal koʻtarishgan.

Shuningdek, Byuro xodimlari qaytib kelayotganda qarzdor va otasi yoʻlning qatnov qismida yogʻoch narvon bilan ularning boshqaruvida boʻlgan «Nexia-3» avtomashinasining oldini toʻsib, narvonni avtomashinaning old qismiga uloqtirishadi hamda avtomashinani toʻxtatib olib, davlat ijrochilariga yengil tan jarohati yetkazishadi.

Shundan soʻng, qarzdorning ukasi oʻzi bilan birga olib kelgan temir (lom) jismni koʻrsatib, ushbu jism bilan ularga tan jarohati yetkazishini aytib, xatlab olingan televizorni qaytarib tortib olishadi va ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilishadi.
Hodisa joyi Qamashi tuman prokuraturasi tergovchisi va tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan koʻzdan kechirilib, protsessual tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman prokuraturasi tomonidan 26.05.2021 yilda qarzdor N.Qandaxarov va boshqalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan hamda N.Qandaharov JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati

 67 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan