Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus bandlari ijrosini taʼminlash, oʻquv yurtlarida ayni yozgi taʼtilda boʻlgan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli va oʻzgacha ruhda oʻtkazish maqsadida Shahrisabz shahrida «Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik» festivaliga start berildi.

«Biz Amir Temur avlodlari, unga izdosh boʻlamiz!» shiori ostida oʻtayotgan festival 3 kun davom etib, unda viloyatning barcha tumanlaridan kelgan yoshlar ishtirok etishadi.

Festivalda rassomlar maydonchasi, hunarmandlar rastalari, bolalar maydonchasi, mehnat yarmarkasi, sport maydoni, «Bilimdon shou», liboslar dizayni koʻrgazmalari, taniqli biznes yuritish boʻyicha mutaxassislar va teatr sahna koʻrinishlari, milliy madaniyat markazlar vakillarining chiqishlari va harbiy parad keng koʻlamda tashkillashtirildi.

Joriy yilning 13-iyun kuni start berilgan mazkur festival erta tongdan «Salomatlik sari 5000 qadam» piyoda yurish marafoni bilan boshlandi.

Festival doirasida yoshlar Oʻzbekistonning eng baland nuqtasi, Hisor togʻ tizmalaridagi 4643 metr balandlikda joylashgan «Hazrat Sulton» choʻqqisiga mamlakatimiz hamda festival bayroqlarini oʻrnatishdi.

Bayroqlarni oʻrnatish jarayonida ishtirok etgan «Kun.uz» muxbiri Oʻroljon Kamolovning «Demokrat» muxbiriga aytishicha, choʻqqiga koʻtarilish uchun 5 soatga yaqin piyoda yurilgan. «Choʻqqiga yuqorilab boravergani sari, havo harorati pasayib boradi. Hattoki yuqori qismda qor ham mavjud» deydi, OAV vakili.

Tadbir ishtirokchilari Kitob tumanidagi Kitob davlat geologik qoʻriqxonasi davlat muassasasi negizidagi umumiy maydoni 3938 gektar boʻlgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida tashkil etilgan Kitob geologiya milliy tabiat bogʻida boʻlib, asrlar davomida shakllangan noyob tabiat yodgorliklari bilan tanishdilar.

Oqshom boʻsagʻasida qizgʻin tus olgan festival, katta sahnada konsert dasturi bilan davom etdi. Yoshlarni tabriklash maqsadida soʻzga chiqqan viloyat rahbari Zoyir Mirzayev mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosati va ularning tutgan oʻrni haqida toʻxtalib, oʻzining samimiy tilaklarini bildirdi. Toshkentdan tashrif buyurgan el ardogʻidagi sanʼatkor Zohirshox Joʻrayev qoʻshiqlari yoshlarga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi.

Tadbir soʻngida viloyat hokimi sport maydonchalarida qizgʻin davom etayotgan oʻyinlarda ishtirok etdi.

Festival 15-iyun kuniga qadar davom etadi.

Azizbek Yazdurdiyev tayyorladi

 100 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan