Majburiy ijro byurosi Yakkabogʻ tuman boʻlimi ish yurituvida aliment bilan bogʻliq 2 mingdan ortiq ijro hujjatlari mavjud. Davlat ijrochilarining saʼy-harakatlari bilan yil boshidan 33 nafar aliment toʻlovchi va oluvchilar oʻzaro yarashtirildi.

Shuningdek, masʼuliyatni his qilmagan va farzandlari uchun aliment pullarini oʻz vaqtida toʻlamay kelayotgan otalarga nisbatan doimiy taʼsir choralari koʻrib borilmoqda. Joriy yilning 24 iyun kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan sayyor sud tartibida aliment toʻlashdan boʻyin tovlab kelayotgan qarzdorlarga nisbatan qonuniy choralar koʻrildi.

Jumladan, Yakkabogʻ tumani Qovchin qishlogʻida yashovchi qarzdor fuqaro J.Qurbonov 9 yillik turmushi davomida 2 nafar farzandli boʻlgan. Bir necha oy oldin oilaviy nizolar bilan uyidan ketgan turmush oʻrtogʻi, aliment undirish maqsadida sudga murojaat qilgan. Sudning qarori chiqqan boʻlsa-da, qarzdor biror marotaba aliment pullarini toʻlab bermagan. Shu sababli, sud tomonidan unga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi berildi.

Shuningdek, qarzdor O.Islomov sobiq turmush oʻrtogʻi bilan oilaviy kelishmovchiliklar sabab, atigi 2 oy birga yashagan. Turmushi davomida bir nafar farzandli boʻlgan. Ammo qarzdor 5 oydan buyon oʻz farzandi uchun aliment pullarini qasddan toʻlamay kelgan. O.Islomov sud oldida turli xil bahonalarni roʻkach qilishga uringan boʻlsa-da, unga ham qonun oʻz soʻzini aytdi va u ham 15 sutkaga qamaladigan boʻldi.

Shu kuni, ana shunday oʻz farzandining moddiy taʼminotini oʻylamagan otalarning 11 nafariga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47/4 moddasiga asosan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi berildi.

 45 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan