Qashqadaryo viloyat Muborak tumanida yashovchi fuqaroning 2021 yil 25-iyun kuni telegram messenjeridagi «Sizdan telegram» kanaliga video murojaati yuzasidan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha Muborak tuman inspeksiyasi tomonidan rasmiy munosabat.

2021yil 25-iyun kuni telegram messenjeridagi «Sizdan telegram» kanalida Muborak tumanida yashovchi fuqaro tomonidan mashʼaladan tutun chiqayotganligi va nafas olishga qiynalayotganliklari toʻgʻrisida video murojaat yoʻllangan.

Messenjerdagi video materialda murojaatchi fuqaro «Koʻzlaringni ochinglar» deb, haqoratomuz soʻzlarni ishlatib so‘z boshlagan.

Oʻzbekiston Respublikasi «Yuridik va jismoniy shaxslarni murojaatlari toʻgʻrisida»gi qonunda xar bir yuridik yoki jismoniy shaxslarni murojaat etishlarining haq huquqlari belgilab berilgan boʻlib, mazkur qonunda, «Koʻzinga qara», «Koʻzingni och» deb haqoratomuz soʻzlarni ishlatib murojaat etishlari koʻrsatilmagan.

Ona vatanimizni, xalqimizni xizmatini qilishda, davlatimizni rivojlantirishga va ravnaqi yoʻlida, tabiatimizni kelajak avlodga bekamu koʻst yetkazib berish uchun tunu-kun xizmat qilamiz va ushbu yoʻlda koʻzimiz doimo ochiqligini maʼlum qilamiz.

Shunday boʻlsada, biz bu fuqaroga hurmatimizni bildirgan xolda, munosabatimizni bildiramiz.

Birinchidan, hurmatli fuqaro, Siz 2021 yil 25-iyun kuni mashʼaladan chiqayotgan tutunni video tasvirga olib, qanday nafas olamiz deb murojaat etgansiz. Ammo Siz mazkur videoni 2021 yil 18-iyunda tasvirga tushirgansiz. Siz tasvirga olgan mashʼala Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli boʻlib, mashʼala xar chorakda 1 marta quvurdagi qurumlarni chiqarish maqsadida, yaʼni ichki yemirilishdan himoya qilish maqsadida gaz quvurlariga tozalovchi va ingibitorli ishlov berish porshenlari yuborib, tozalash ishlari amalga oshiriladi.

Mazkur ishlar «Neftgaztadqiqot» AJ hamkorligida ishlab chiqilgan reja-tadbirga asosan amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, ushbu mashʼala Muborak tumani sanoat zonasida joylashgan Gazni qayta ishlash zavodi orqa tarafida joylashgan boʻlib, eng yaqin aholi yashash punktidan, yaʼni «Qarliq» mahallasi 6 km va «Sariq» mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli «Xoʻja Muborak» qishlogʻi 8 km uzoqlikda joylashgan.

Uchinchidan, «Qarliq» va «Sariq» mahallalari mashʼaladan 6,8 km uzoqlikda joylashgan boʻlsa, Siz istiqomat qilayotgan «Sardoba» mahallasi 18 km uzoqlikda joylashgan.

Toʻrtinchidan, Siz murojaatingizda atmosfera havosini ifloslanishi oqibatida qanday nafas olamiz degansiz. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Analitik nazoratga ixtisoslashtirilgan boʻlim yaʼni laboratoriya tomonidan xar oyda namunalar olinib, tahlil qilinib boriladi.

Siz istiqomat qiladigan «Sardoba» mahallasidan mashʼalaga 12 km yaqinda joylashgan «Qarliq» va «Sariq» mahallalaridan biror bir fuqaro havo ifloslanishi oqibatida nafas yetishmovchiligi bilan murojaat qilmagan.

Bunga isbot va dalil Muborak tuman Tibbiyot birlashmasig qarashli boʻlgan «Qarliq» MFY, «Sariq» MFY va hattoki siz istiqomat qilayotgan, mashʼaladan 18 km uzoqlikda joylashgan «Sardoba» MFYlari hududida faoliyat koʻrsatib kelayotgan Qishloq vrachlik punktlaridan olingan maʼlumotlarga koʻra Siz, yoki boshqa fuqarolar atmosfera havosini ifloslanishi sababli nafas qisishi shikoyati bilan murojaat qilmagan.

Beshinchidan, Siz, video tasvirga olgan mashʼala xar chorakda 1 marotaba quvurlardagi qurumlarni tozalash uchun porshen yuborilib, tozalash ishlari amalga oshirilishini aytdik, Siz video tasviringizni koʻrgan aholi, aniqrogʻi Muborak tumanidan chetda, Respublikamizning boshqa hududlaridagi aholi bunday tutunlar xar kuni chiqib tursa haqiqatdan xam nafas olish qiyinlashishi mumkin, qanday yashayaptilar degan xulosaga kelishlari tayin.

Ammo Siz mashʼalani video tasvirga olgan vaqtingizda texnologik jarayonni toʻliq olmagansiz, mashʼala yoqilganda uzogʻi bilan 15-20 daqiqa yonadi, Siz video tasviringizni 30 soniyada tugatib quygansiz.

Oltinchidan, Siz mashʼaladan 4 km uzoqlikda ishlayman deyishingiz mumkin, mashʼala yonganda mashʼalaga biror bir shaxs yaqiniga kelmasligi uchun mashʼaladan 500 metr uzoqlikda aylana boʻylab, nazoratchilar turadi.
Nazoratchilar xam sogʻliklaridan shikoyat qilmaganlar.

Yettinchidan, mazkur mashʼala Muborak neftgaz qazib chiqarish boshqarmasining Ruxsat etilgan chegaraviy chiqarilma meʼyoriy hujjatiga kiritilgan.

Sakkizinchidan, asosiy jarayon mashʼalada 15-20 daqiqa tabiiy gaz yonadi va atrof tabiiy muhitga hech qanday salbiy tasir koʻrsatmaydi.

 106 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan