Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilingani, ayol o‘qituvchilar maktab hududida arava sudrab, og‘ir yumushlarni bajargani to‘g‘risida xabar tarqlgandi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi holatga munosabat bildirib, maktab direktori javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabida o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilingan. O‘qituvchilar asosan qurilish chiqindilarini tashish bilan shug‘ullangan. Ular ishga maktab direktorining topshirig‘i bilan chiqqan. Ish jarayonida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yiqilib, qo‘li singan.
Qayd etilishicha, holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Maktab direktori o‘z ko‘rsatmasida ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib ushbu ishlarni ko‘rsatmasi asosida bajarganini bildirgan.
O‘rganish davomida Mehnat kodeksining 25-moddasi (Ish beruvchining majburiyatlari) hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori talablarini buzgani aniqlangan.
Shu sababli, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (34 million) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!