Statistika agentligi maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistonga iyul oyida 174,2 million dollarlik gaz import qilindi. Bu 2023-yil iyuliga nisbatan 174 baravar ko‘p. Yaʼni o‘tgan yilning iyul oyida xorijdan 1 million dollarlik gaz sotib olingan.

Joriy yil yanvar–iyul oylarida mamlakat jami 983,7 million dollarlik tabiiy gaz import qilgan. 2023-yil mos davrida bu ko‘rsatkich 201 million dollarni tashkil etgan. Yaʼni gaz importiga 7 oylik xarajat o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan qariyb 5 baravar ko‘proq.

Statistik raqamlarga qaraganda, joriy yilda O‘zbekiston gaz importiga quyidagi miqdorlarda mablag‘ sarflangan:
  • Yanvarda — 35,6 million dollar;
  • Fevralda — 131,1 million dollar;
  • Mart — 193,6 million dollar;
  • Aprel — 102,6 million dollar;
  • May — 108,4 million dollar;
  • Iyun — 166,3 million dollar.

O‘zbekiston Rossiyadan gaz importi hajmini oshira boshlagach, joriy yilda gazni xorijdan sotib olish miqdori rekord darajada ortishi mumkinligi prognoz qilingandi. O‘tgan 7 oylik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bu prognoz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Taqqoslash uchun, butun 2023-yil davomida respublika 694,9 million dollarlik, 2022-yilda esa 281,9 million dollarlik gaz import qilgandi.

O‘zbekiston 2023-yil 7-oktyabrdan Qozog‘iston hududi orqali “Markaziy Osiyo—Markaz” gaz quvurida Rossiyadan gaz sotib olmoqda. UzGasTrade va “Gazprom eksport” MCHJ o‘rtasidagi ikki yillik shartnomaga ko‘ra, respublikaga kuniga 9 million kub metr yoki yiliga qariyb 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Mas’ullar hozirgacha gazning import narxi haqida maʼlumot bermay kelmoqda.

Mamlakatda gaz importi o‘sayotganiga qaramay, gaz eksporti to‘xtatilmagan. O‘tgan oyda 91,7 million dollarlik gaz eksporti amalga oshirilgan. Bu 2023-yilning iyuliga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p. Yaʼni o‘tgan yilning iyul oyida 63,9 million dollarlik gaz eksport qilingan.

2024-yil yanvar–iyul oylarida respublika jami 323,1 million dollarlik gaz eksportini amalga oshirgan. 2023-yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 341,9 million dollarni tashkil etgan.