Ushbu yo‘nalishda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi ishlab chiqilib, ilmiy jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Mazkur farmon loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri oliy ta’limdan keyingi ta’limga imtihonlarsiz qabul qilish tizimining joriy etilishini e’tirof etish mumkin.
Bunda 2025-yildan oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabulni talabgorlarning ilmiy faoliyat natijalari bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’limni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimida to‘plangan tegishli ma’lumotlari asosida jamlanadigan ballar yig‘indisiga muvofiq amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Talabgorlar oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga mutaxassislik fanlari bo‘yicha ballar, xorijiy tillarni bilish darajasi bo‘yicha ballar va ilmiy faoliyatda erishgan boshqa yutuqlari asosida qabul qilinishi belgilanmoqda.
Shuningdek, farmon loyihasida Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy etish belgilanmoqda. Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari har yili Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan uch yilga mo‘ljallangan dissertatsion tadqiqot loyihalari tanlovi shaklida e’lon qilinadi. Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy etishdan asosiy maqsad yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilish, dissertatsiya ilmiy tadqiqot ishlarini aniq muammolar yechimiga qaratish va ilmiy tadqiqot ishlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Shu bilan birga, ushbu farmon loyihasida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida qabul jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali inson omilini to‘liq bartaraf etish rejalashtirilgan.
Farmon loyihasida keltirilgan oliy ta’limdan keyingi ta’limga imtihonlarsiz qabul qilish tajribasi rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud bo‘lib, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya mamlakatlarida talabgorlar suhbat natijasida (bunda talabgordan motivatsiya xati, ilmiy tadqiqot ish rejasi, ilmiy maqola va tezislari, til bilish sertifikati kabi hujjatlar portfoliosi talab qilinadi) Kanada, Finlyandiya, Italiya, Avstraliya, Daniya va boshqa davlatlarda magistratura bosqichida olgan baholari asosida qabul qilinadi (bunda universitetlarga qarab qo‘shimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin).
Mazkur hujjat loyihasi orqali joriy qilinayotgan talablarda ham talabgorlar tomonidan tadqiqot taklifi (research proposal), tadqiqot ishining maqsadi va kutilayotgan natija, tavsiyanomalar va sohaga oid chop etilgan ilmiy maqolalar va boshqalar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, farmon loyihasida dissertatsiya tayyorlash jarayonidagi ayrim tartiblar soddalashtirilmoqda. Xususan, ilmiy darajalarni olish uchun tayyorlanadigan doktorlik dissertatsiya mavzularining bazasini yuritish Innovatsion rivojlanish agentligiga o‘tkazilib, bunda izlanuvchilar oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul qilinganidan so‘ng dissertatsiya mavzulari Yagona elektron tizimda ro‘yxatga olinadi va talabgor dissertatsiya himoyasini amalga oshirgunga qadar dissertatsiya mavzusini boshqa joyda e’lon qilishga majbur bo‘lmaydi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!