Isroilning G‘azoga navbatdagi bosqinni boshlashi va 60 mingga yaqin zaxiradagi askarlarni safarbar qilishi ortidan, mamlakatda urushga qarshi norozilik kuchaymoqda.
“Askarlar garovdagilar uchun” (Soldiers for Hostages) guruhi 360 dan ortiq harbiyni birlashtirib, jangovar harakatlarda qatnashishdan bosh tortmoqda. Ularning ta’kidlashicha, urushning 2-bosqichi maqsadsiz bo‘lib, askarlar charchagan va ruhan toliqqan.
Shuningdek, mingga yaqin askar onalarini o‘zida jamlagan “SOS” guruhi hukumatni farzandlarini “maqsadsiz urush”ga yubormaslikka chaqirmoqda. Ayrim onalar esa o‘g‘illarini frontga yubormaslik uchun ularni nosog‘lom qilib ko‘rsatishga urinayotganini tan olgan.
2023-yil 7-oktyabrda HAMAS hujumidan boshlangan urush davomida 450 dan ortiq yahudiy askar halok bo‘lgan. Isroilning so‘nggi bosqinlarida garovga olingan ayrim shaxslar ham halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.
So‘nggi so‘rovnomaga ko‘ra, isroilliklarning 2/3 qismi hukumatdan HAMAS bilan kelishuvga borishni, garovdagilarni ozod qilishni va harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilmoqda. Biroq bosh vazir Binyamin Netanyaxu bunday takliflarni rad etib, urush faqat garovdagilar qaytarilgach va HAMAS to‘liq yo‘q qilingach yakunlanishini ta’kidlamoqda.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, mojaro boshlanganidan beri 64 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning yarmi ayollar va bolalardan iborat.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!