Jinoyat

Ohangaronda mayorni pichoqlab, inspektor ustiga mashina haydagan ikki yigitga hukm o‘qildi

Ohangaronda mayorni pichoqlab, inspektor ustiga mashina haydagan ikki yigitga hukm o‘qildi

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida mayorni pichoqlab, inspektor ustiga mashina haydagan ikki yigitga sud hukmi o‘qildi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 1-avgustdan 2-avgustga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Ikki yigit Samarqand shahridan Namanganga yo‘lovchi sifatida ketayotganda, haydovchi Sirdaryo viloyatidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasiga to‘xtagan paytda avtomobilni olib qochgan.

Ularning xatti-harakatlaridan shubhalangan Bo‘ka tumani IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili, mayor Nuribek Shodiyev voqea joyiga yetib kelgan. U yigitlarni ichki ishlar bo‘limiga olib ketayotgan vaqtda sudlanuvchilardan biri unga pichoq bilan jarohat yetkazgan va xizmat mashinasini olib qochgan.

Olib qochilgan avtomobil bilan ular Ohangaron tumani hududida harakatlangan. Yo‘l patrul xizmati inspektorining to‘xtatish haqidagi talabiga bo‘ysunmagan yigitlar mashinani inspektor ustiga haydab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Mazkur jinoyat ishi Bo‘ka tuman sudida ko‘rib chiqildi. Natijada sudlanuvchilardan biri 9 yil 6 oy, ikkinchisi esa 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.