Jahon, Siyosat

«Axmat» rahbari: chechenlar uchun asir tushish sharmandalik

«Axmat» rahbari: chechenlar uchun asir tushish sharmandalik

RF qurolli kuchlari bosh harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, «Axmat» maxsus kuchlari komandiri, general-mayor Apti Alaudinov Ukraina qurolli kuchlariga o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan chechen harbiylarining asirlikdan ozod etilishiga hissa qo‘shmasligini aytdi. Alaudinov ushbu e’lonni videoga olib, 15-sentabr, yakshanba kuni o‘zining Telegram-kanaliga joylashtirdi.

«Qadim zamonlardan beri chechenlar asirlikda bo‘lishni o‘zlari uchun eng katta sharmandalik deb bilishgan, bu chechen uchun o‘z qonidan boshqa narsa bilan yuvib bo‘lmaydigan sharmandalik», – deydi Alaudinov. «Panjalaringizni ko‘tarib, qizlar kabi taslim bo‘lganingizdan keyin qanday yashaysiz?» – deb qo‘shimcha qiladi u.

Alaudin asirlarni o‘lish uchun hamma narsani qilishga chaqirdi. «Menimcha, siz hatto yashashga ham loyiq emassiz», deydi u va bu jangchilar «muqaddas yo‘lni tark etishgani»ni qo‘shimcha qildi.

«Axmat» qo‘mondoni o‘zining Telegram-kanalida ukrainalik harbiylar tomonidan asirga olingan chechenlarning qarindoshlari unga yaqinlarini ozod qilishda yordam so‘rab murojaat qilishayotganini aytdi. Alaudinov boshqa asirlarni qaytarishda yordamga tayyorligini, lekin chechenlar bo‘yicha yordam bermasligini aytdi.

«Men ukrainaliklarga yuzlanaman: ularni o‘zingizda qoldirishingiz mumkin. Ular bizga kerak emas. Menga qo‘ng‘iroq qilishning hojati yo‘q, men sizlarga almashtiruvchi emasman», dedi u.

Avgust oyi boshida Alaudinov Kursk oblastidagi chegarani himoya qilgan chechen bo‘linmalari ukrainalik harbiylar bilan shunchaki to‘qnash kelmagani sababli Ukraina qurolli kuchlari hujumini qaytara olmaganini aytgan edi. Ukraina askarlari jangga kirmay, chechenlar tayanch punktlari yonidan o‘tib ketishdi, deya tushuntirdi u.

Shu bilan birga, rossiyalik «harbiy muxbir» Yuriy Kotenok butunlay boshqacha xabar berdi. Uning ta’kidlashicha, «axmatchilar» aynan Kursk oblastining Ukraina Qurolli kuchlari hujumi boshlangan hududlarida joylashgan. «VChK-OGPU» Telegram-kanali Qodirovning Korenev rayonida joylashgan maxsus bo‘linmalari Ukraina harbiylarining birinchi zarbalaridan so‘ng «tarqalib ketgan», ya’ni qochib ketganini yozgan.

Bungacha Alaudinov «qodirovchilar» Kursk oblastida ukrainaliklar tomonidan asirga olinganini ma’lum muddat rad etgan edi.