Yangiliklar

Xorazmda daraxtlar kesilib, yoqib yuborildi. Yetkazilgan zarar — 756,2 mln soʻm

Xorazmda daraxtlar kesilib, yoqib yuborildi. Yetkazilgan zarar — 756,2 mln soʻm
Foto: Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Shovot tumanida daraxtlar yoqib yuborilgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasi, viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi Shovot tuman inspeksiyasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.

Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatiga koʻra, mazkur oʻrganish davomida tumanning “Guliston” mahallasi joylashgan A.L fermer xoʻjaligi hududida jami 119 tup har-xil turdagi va oʻchamdagi manzarali daraxtlar kesib olinganligi hamda 19 tup har-xil turdagi manzarali daraxtlarni oʻsishdan toʻxtamaydigan va toʻxtash darajasida shikastlanganligi hamda yoqib yuborilganlik holati aniqlandi.

Bu bilan Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunning 21-moddasi, Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi Qonunnig 37-moddasi va Atmasfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Qonunning 20-moddasi talablari buzilgan.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida Nizomning 4-ilovasiga asosan tabiatga yetkazilgan zarar 456 million 020 ming soʻmni,  yetkazilgan zararning undirish summasi 756 million 200 ming soʻmni tashkil qiladi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan Ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni qastdan shikaslantirish, payxon qilish,  nobud qilish va koʻp miqdorda zarar yetkazishga sabab boʻlganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.