Tahlil

Oʻzbekiston demokratiya indeksida “2” ball oldi

Oʻzbekiston demokratiya indeksida “2” ball oldi
Foto: Internet portal SNG

Oʻzbekiston demokratiya koʻrsatkichlari boʻyicha 167 davlatlar orasida 148-oʻrinda ekani maʼlum boʻldi. “The Economist Intelligence Unit” tadqiqot tashkiloti 2023-yil uchun yangi hisobotini eʼlon qildi va mana shu hujjatda Respublika demokratiyasi uchun “10” balldan “2,12” ball berilgan.

Taʼkidlash joizki, tadqiqot tashkiloti har yili 167 davlatni oʻrganadi. Bu yilgi hisobot 15-fevral kuni eʼlon qilingan. Umumiy xulosa – salbiy. Yaʼni, tashkilot oʻrganishlari natijalariga koʻra, demokratiya butun dunyo boʻylab eng ogʻir va xavfli davrni boshdan kechirmoqda. 2024-yil saylovlar yili. Hisob-kitoblarga koʻra, bu yilda dunyo boʻyicha eng koʻp aholi ovoz berish jarayonlarida qatnashadi. Lekin ana shu saylovlar yaxshigina muammoli boʻlishi kutilmoqda. Xoʻsh, nega?

Foto: Internet portal SNG

Oʻrganishlar shuni koʻrsatadiki, boʻlib oʻtadigan 70 dan ortiq saylovlarning faqat 43 tasigina erkin oʻtishi mumkin. Qolganining natijalariga ishonish qiyin. Yana hisobotga qaytsak, “The economist Intelligence Unit” 167 mamlakatlarni turli kriteriyalar asosida oʻrganadi. Masalan, davlatlardagi demokratik amaliyotlarning kuchi, saylovlarning adolatli oʻtishi, fuqarolarning erkin ekani va buning himoya qilinishi 10 balli shkalada baholanadi. Shunga asosan oʻrinlar berib chiqiladi. Oʻzbekiston ushbu demokratiya shkalasida bu yili  “2, 12 “ballni yigʻa olgan. Tadqiqot natijalariga muvofiq, davlatlar 4 ta guruhga boʻlinadi. Toʻliq demokratiya, nuqsonli demokratiya, gibrid rejimlar va avtoritar rejimlar. Yangi hisobotga koʻra, bor yoʻgʻi 8 foizdan kamrogʻi toʻla demokratiya ostida yashamoqda. Dunyoning qariyb 40% aholisi esa avtoritar rejim hukmronligi ostida ekani maʼlum boʻldi.

Foto: Ragan Communications

Bu qanday tadqiqot oʻzi?

Tadqiqot 2006-yildan beri davom etib keladi. Har yilgi natijalar solishtirilar ekan, 2023-yil demokratiya uchun inriqozli va eng noqulay yil boʻlgan. Urushlar, mojarolarning ortishi demokratiya reytingi pasayishiga asosiy sababdir. Tadqiqot bilan oʻzini demokratik davlatlar deb biladigan tizimlar urushlar oldida ojiz ekani, mojarolarning oldini ololmagani ham maʼlum boʻldi. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston oʻtgan yilgi reytingda 149-oʻrinni egallagandi. Yaʼni, Respublika doimiy oxirgi oʻrinlarda bormoqda.

Xoʻsh, eng yaxshi natijalar qaysilar?

Norvegiya 14 yildan eng demokratik davlatligicha qolmoqda. Afgʻoniston esa ketma-ket uchinchi  dunyoning eng qoloq va shuningdek, demokratiya mavjud boʻlmagan davlati deb topildi. Hisobotda kelishicha, Tolibon hukumatini bu tashvishga sololmaydi. Yil mamlakati esa – Gretsiya boʻlgan. Tadqiqot natijasida, Gretsiya toʻla demokratik davlatlar roʻyxatiga qoʻshildi. Eng yirik pasayish esa Gabon va Nigerda. Ikki davlatdagi davlat toʻntarishlari bunga sabab boʻldi. Diagrammaga koʻra, Gʻarbiy Yevropa eng demokratiyalashgan makon boʻlib qolmoqda. Yevropaning 71 foizi toʻla demokratiya ekani ochiqlangan. Turkiya esa gibrid rejimda deya baholangan. Janubi-gʻarbiy Afrika demokratik indeksda eng pastlagan hudud boʻlmoqda. Lotin Amerikasi ham ketma-ket 8 yil indeksda pastlab bormoqda. Mintaqada Salvador eng yomon koʻrsatkichga ega chiqmoqda.

Eʼtibor bering, Ozarbayjonning Qorabogʻni oʻziniki qilishi, Isroilning HAMAS bilan urushi , Sudandagi fuqarolar urushi 2023-yil demokratiyasi uchun eng katta tahdidlar sifatida baholangan. Rossiyada boʻlib oʻtadigan Prezident saylovlari esa yilning eng soxtakor saylovi boʻlishi kutilmoqda.  Demokratiya inqirozga yuz tutgan, deya baholangan davlatlar orasida Afgʻonistondan oldingi oʻrinlarda Myanma, Shimoliy Koreya, Laos, XXR,  Vetnam, Kambodja, Pokiston bor. Oʻzbekiston esa roʻyxatda qoʻshnilari Turkmaniston va Tojikistondan oldinda. Lekin Qozogʻiston va Qirgʻizistondan orqada. Respublika reytingda Rossiya va Belarus oʻrtasida joylashgan.

Eslatib oʻtamiz, ushbu reyting “The Economist Intelligence Unit” tadqiqot tashkiloti nuqtayi nazari hisoblanadi. Uni qabul qilish yoki qilmaslik davlatlarning oʻziga bogʻliq.

Shoxrux Majidov – jurnalist-siyosatshunos