O‘zbekiston

Gvardiya qahramonlari

Gvardiya qahramonlari

Xotira – abadiy, jasorat – mangu…

Xalqimiz o’z qahramonlarini unutmaydi. Xalq tashvishi va dardi bilan yashayotgan, jonkuyar xodimlar o’z kasbiga sodiq qolib jonidan ham kechmoqda. Milliy Gvardiya xodimlari turli favqulodda vaziyatlarda birinchi bo’lib yordamga shoshiladi. Shu kabi jonbozlik ko’rsatgan qahramonlar bu yo’lda qurbon bo’ldilar.

Bolaligidan harbiy bo‘lishni orzu qilgan Xusniddin Suyarov 2007-yilda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safiga qo‘shilgan. Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida shartnoma asosida muhandis-sapyor guruhi mutaxassisi lavozimida xizmat qilgan.

Xusniddin 1989-yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan, III darajali serjant, Oilali, ikki nafar farzandni tarbiyalagan.

2020-yil 1-mayda texnogen falokat natijasida Sardoba suv omborining to‘g‘onlarining yorilib ketishi natijasida X.Suyarov Milliy gvardiyaning tezkor harakatlanuvchi guruhi tarkibida Uchtom aholi punkti aholisini evakuatsiya qilish bo‘yicha tezkor qutqaruv ishlarida faol qatnashgan. Fuqarolarni suv toshqinidan qutqarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida xizmat burchini ado etish vaqtida halok bo‘lgan Xusniddin Suyarov vafotidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “Jasorat” medali va Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan – I darajali «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ushbu hodisa tufayli Gvardiyaning yana bir jasur va mard o’g’loni xalqi uchun o’zini qurbon qildi.

Oddiy askar Xazrat Suyunov 1992 yilda Navoiy viloyatining Nurota tumanida tug‘ilgan. Uylangan, bir nafar farzandni katta qilgan. U Vatanga sodiq va halol xizmat qilishni istagan har bir inson kabi 2018-yilda O‘zbekiston Qurolli Kuchlar safiga qo‘shilgan. Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida shartnoma asosida maxsus vazifalarni bajaruvchi otryad mergani lavozimida xizmat qilgan.

Sardoba suv omborining to‘g‘onlarining yorilib ketgan paytda oddiy askar X.Suyunov aholini xavfsiz joylarga ko‘chirish vaqtida kuchli suv oqimida qolib ketdi.

Uch oy davomida o‘tkazilgan faol qidiruvlar ijobiy natija bermagan. Shu munosabat bilan, oddiy askar X.Suyunov bedarak yo‘qolgan deb eʼlon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida xizmat burchini ado etish vaqtida halok bo‘lgan Suyunov Xazrat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “Jasorat” medali va Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan – I darajali «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Xotira – abadiy, jasorat – mangu…

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilar serjant Suyarov va oddiy askar Suyunovlarning ko‘rsatgan qahramonligi xalqimiz, safdoshlari hamda barcha yaqinlari va do‘stlarining xotirasida abadiy qoladi.