Jamiyat

“Sen kuchlisan” loyihasi 1 yoshda

“Sen kuchlisan” loyihasi 1 yoshda

14-15 avgust kunlari “Sen kuchlisan” loyihasi 1 yoshga to‘lgani munosabati bilan Toshkent viloyatining BEKTEMIR tumanidagi  «Xalq qabulxonasi»  idorasida onkologik va onkogemotologik  kasalliklarga chalingan  bolalar chizgan suratlarning  navbatdagi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.           Hali kasallik bilan olishayotgan 17 nafar bolalar tadbirning asosiy qahramonlari bo‘lishdi.  Ular uchun tadbir davomida ham suratlar chizib kimoshdi savdosiga qo‘yishdi.

Davrani «Sen Kuchlisan»  jamoasining faol  aʼzosi Abror Zoxidov va aktrisa Zamira Beshimovalar olib borishdi va kimoshdi savdosini qizitib berishdi. “Klass” bolalar va o‘smirlar ijtimoiy gazetasi, “Yosh kuch” ommabop jurnallari tashrif buyurganlar va bemor bolajonlarga o‘z estalik sovg‘alarini ulashishdi. Marjona Nurmuhammadning “Qizalog‘im Safiya”, Muazzam Ibroximovaning “Sumalakxo‘r samolyot” nomli kitoblari xam hayriya sotuvga qo‘yilib, ulardan tushgan foyda to‘ridan-to‘g‘ri  bemorlar uchun yo‘naltirildi.

«Saraton  shunday balo ekanki, shu  bir yil ichida juda ko‘p bolajonlarni oramizdan olib ketdi.  Biz qanchalik  yelib, yugurmaylik, tiyinlab  pul yig‘ib  ularni olib qolishga harakat qilmaylik  murg‘ak  jonlarga  chang  solgan ajaldan ustun  bo‘la olmadik,» deydi ukinch bilan Muazzam Ibrohimova.

Auksionda sotuvga qo‘yilgan suratlardan ikkitasi shartli ravishda yana jamoaga qaytarildi. Tushirilgan mablag‘ bolajonlar o‘rtasida keng taqsimlanib, bayram dasturxoni, dron shou o‘tqazildi va homiylar tarafidan berilgan sovg‘alar tarqatildi.

“Sen kuchlisan” loyihasi doirasida shu kunga qadar joylarda 20 dan ziyod tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lib  30.000.000 dan ortiq bo‘lgan pul mablag‘lariga bolalarning o‘zlari istagan o‘yinchoqlari olib berildi. Shahar onkologiyasi kasalxonasining bolalar bo‘limida bolalarga xos chiroyli atmosfera yaratilib, o‘yingoh bezaklar yordamida yasatib berildi.

“Shahar bolalar onkologiyasi” kasalxonasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf farzandlari Odinaxon Muhammad Yusuf bemor bolajonlarning onalari uchun psixologik trening o‘tildi va doimiy o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bemor bolalarda psixologiya buzilishi kuzatilib, davolash kurslarini keskin rad etishi, ovqatlanmay qo‘yib atrofdagilarga norozilik bildirishi, baqirish, yig‘lash, narsalarni uloqtirish va shu kabi holatlar ko‘p kuzatildi. “Sen kuchlisan loyihasi” vaziyatni tahlil qilib, o‘zining ilk motivatsion ko‘rsatuv va roligini tayyorladi. Unda samarqandlik 14 yoshli uchuvchilik orzusi bor Athamjon ishtirok etdi. “Uzairweys” xamda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamkorligida unga uchuvchilar kiyimi sovg‘a qilindi va u samolyot bortida shturvalga taklif qilinib, uchuvchilar bilan suhbatda bo‘ldi. Atxamjon va “Uzairweys” o‘rtasida kelajak shartnomasi tuzildi. Natijada Atxamjonning kelajakka umidi o‘yg‘ondi, davolanish kurslarini davom ettiradigan bo‘ldi.

Loyiha muallifi – Marjona Nurmuhamedova: “Bolalar rasmlaridan auksion tashkil qilish g‘oyasi 2023 yili avgustda kasalxonadagi tadbirda uyg‘ongan. Tadbirda 8 yoshli Muhammad Alining rasmini sotib oldim. Uning xursand bo‘lib ketgani, tushgan pulga futbol butsasini sotib olishini eshitib o‘ylanib qoldim va g‘oya tug‘ildi. Bunday ishni keng qamrovda, xar bir bemor bola ishtirokida qilish kerakligini o‘ylab qoldim va 21.08.2023 y kuni “O‘zbekiston badiiy sanʼati akademiyasi” zalida bolalar suratlari ishtirokida katta galereya tashkil qildim. Tadbirni tashkillashtirishda rassom, shoira Xurshida Namazbayeva va ilk marotaba tuzilgan “Sen kuchlisan” volontyorlardan tashkil topgan ko‘ngillilar guruhi yordam berdi. Tadbirda “Shahar bolalar onkologiyasi”, “Respublika bolalar onko-gematologiyasi” va gematologiya qoshidagi “Mehrli maktab bolalari”, “Xospis” bolalari xamda uyida davolanuvchi bolalar ham, umumiy hisobda 50 nafardan ortiq bolalar 300 dan ortiq suratlar bilan qatnashishdi. Ushbu xayriya tadbiri uchun keng jamoatchilikka 500 dan ortiq taklifnomalar tarqatildi va 8 mln so‘m xayriya mablag‘i to‘plandi va suratlar egalariga topshirildi”

“Sen kuchlisan” loyihasi onkologiyadagi muammolarni o‘rganadi, tahlil qiladi va yuzaga chiqaradi. O‘rganishlar natijasida 20 nafar bolaga mo‘ljallangan “Shaxar bolalar onkologiyasi” bo‘limi zamonaviy bino va taʼmirga muxtoj ekanligi, u yerdagi bolalar taʼlimdan uzilib qolganliklari aniqlandi. Natijada “Sen kuchlisan” loyihasi “Yoshlar ishlar agentligi” tomonidan tashkil etilgan “loyihalarni moliyalashtirish” tanlovida “Shahar onkologiyasidagi” doimiy davolanuvchi 21 nafar bolaga, taʼlimdan uzilib qolmasliklari uchun ularni noutbuklar bilan taʼminlash loyihasi bilan qatnashayapti.

Aholi o‘rtasida, 10 tadan 9 nafarida onkologiyani erta aniqlash haqida tushuncha yo‘qligi sababl xar yili aniqlanadigan onkologiya bilan kasallangan 1000dan ziyod bolaning 30 foizida juda kech holatlarda (3-4 darajada) aniqlanadi. “Sen kuchlisan” loyihasi aholi orasida onkologiyani erta aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni keng yoyish uchun tadbirlar, ijtimoiy sahifalara, ko‘rsatuv va roliklarda, kasalxona devorlarida, QVPlarda kasallikni erta aniqlash xaqida ko‘rsatmalar berishni yo‘lga qo‘ydi.