“Tekshirsa – qoʻrqadi, qoʻrqsa – soliq toʻlaydiʻ, degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa soliqchilar tushunib yetdi”, — Prezident.
Joriy yilning oʻzida tadbirkorlarning tovar aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga koʻpayib, 986 trillion soʻmga yetdi. Bu haqda Nukus shahrida prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida maʼlum qilindi.
Yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan 100 milliard soʻmgacha boʻlgan oʻrta korxonalar 2 karra koʻpaydi.
Aylanmasi 100 milliard soʻmdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham oʻtgan yilga nisbatan 2 baravar koʻp boʻldi.
Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi “mahallabay” va “mijozbay” ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion soʻm foydaga chiqdi.
Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish oʻrni bir yilda 440 mingga koʻpaydi.
Xususiy sektorda 5 million soʻmdan koʻp maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 million soʻmdan ziyod oylik oladi.
“Bular tadbirkorlarimiz “soyada” ishlashdan koʻra qonuniy faoliyat, sogʻlom raqobatni manfaatli deb bilayotganidan dalolat”, dedi prezident.
Tadbirkorlik reytingida “A” va “B” – yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga koʻpaydi, yana 170 ming korxona “D” – eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari oʻtgan yilga nisbatan 2 karra, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra qisqardi.
Shu davrda yirik soliq toʻlovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari toʻlayotgan soliqlar 40 foizga oʻsdi.
Prezident “tekshirsa – qoʻrqadi, qoʻrqsa – soliq toʻlaydi”, degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa soliqchilar tushunib yetganini taʼkidladi.
Sodda qilib aytganda, mansabdorlar tadbirkor bilan muloqot qilishga oʻrgatilib, biznes muhitini yaxshilash boʻyicha tub burilish yasaldi.
Olti oyda toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya hajmi oʻtgan yilga nisbatan 2 karra oʻsib, 14 milliard dollarga yetdi.
Bu – investorlarning Oʻzbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!