Madaniyat vaziriga O‘zbekiston teatrlarida sahnalashtirilayotgan asarlar saviyasi, ularda bugungi kun muammolari aks etmasligi va tomoshabinlarni jalb qilolmayotgani borasida savol bilan murojaat qilindi.
11-mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024-yilda rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Demokrat.uz muxbiri xabar berdi.
Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan teatrlarda namoyish qilinayotgan spektakllar saviyasi, pyesalar mazmuni aksar hollarda bugugi kun muammolarini aks ettirmasligi vas hu orqali tomoshabinlar e’tiborini jalb qilolmayotgani borasida savol bilan murojaat qilindi. Savolga Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov javob berdi.
“Bugun respublikada 40 ta teatr bor. Ulardan 10 tasi qo‘g‘irchoq teatri va qolgan 30 tasining hammasida siz aytayotgan kamchiliklar bo‘lyapti deb aytolmayman. Saviya deganda nimani e’tiborga olyapmiz? Misol uchun, men teatrlardagi kamchilikni texnologiyada ko‘raman, saviyada emas. Kelinglar, bugun teatrlarga borib sinab ko‘ramiz. Bugun aksar spektakllar mazmun nuqtayi nazaridan yetuk bo‘lgan asarlarga suyangan holda qo‘yilyapti. Doimiy tomoshabin saviya deganda umumiy gapga yopishib olmadimikin?
Ha, men muxlislar bilan bir joyiga kelishaman, texnologiyada orqada qolyapmiz, ya’ni sahnada hayratomuz texnologiya imkoniyatlaridan foydalana olmayapmiz. Bu bo‘yicha na mutaxassis mavjud, na texnologiyalarimiz. Saviya deganda, umumiy saviyani tushunayotgan bo‘lsak men qo‘shilaman, ya’ni mazmundagi saviya emas, spektaklda sodda dekoratsiyalardan foydalanishni nazarda tutyapman. Vazir sifatida qayta aytaman, teatrlardagi mazmuniy saviya jihatdan e’tirozim yo‘q”, – dedi vazir.
Ozodbek Nazarbekovning javobidan keyin unga Demokrat.uz muxbiri tomonidan Toshkentdagi bir nechta teatrlarda namoyish qilinayotgan qator asarlar nomi keltirilgan holda, ularda ko‘tarilgan muammolar sovet davri muammolari, o‘sha tuzum g‘oyalari asosida sahnalashtirilgani aytilib, e’tiroz bildirildi.
“To‘g‘ri, sovet g‘oyalari bilan sug‘orilgan asarlarni sahnada uchratib qolyapmiz, buni biz ham ko‘ryapmiz. Ayrim holatda o‘sha ijodkorlar asarni bugungi kunga moslashtiryapman, uning g‘oyasini mutloq o‘zgartiryapman deya taklif bilan o‘zlarini oqlamoqchi bo‘lishdi. Biz bir marotaba imkoniyat berdik, bu Milliy teatrda sodir bo‘ldi. Xalq artisti Yodgor aka Sadiyev direktor bo‘lganidan keyin navqiron paytida o‘ynagan spektaklini yana sahnaga qaytarish uchun bizdan iltimos qildi. Uni mutloq o‘zgartiramiz, bugungi kunga moslashtiramiz degan taklif bilan qayta sahnalashtirildi. Lekin men sizning fikringiz qo‘shilaman, mutloq o‘zgarish bo‘lmagan, qisman bo‘lgan. Boshidan men qarshi bo‘lganman, nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha davrning idealogiyasini eslatadi. Istasa, istamasa, bugungi g‘oyalarga o‘girib, bugungi g‘oyalar bilan amalga oshirganimiz bilan o‘sha davrni idealogiyasini eslatadi. Spektaklning qayta sahnalashtirilgan varianti deyarli o‘zini oqlamadi, ya’ni o‘zini oldingi darajasining yaqiniga ham bormadi, natijasiz loyiha bo‘ldi. Endi ijodda bo‘lib turadi bunday eksprimentlar. Eski asarlarni qayta sahnalashtirish yoki ularni modernizatisya qilaman degan maqsadda uni bugungi kun talablariga javob bermaydigan holatga olib kelish kabi kamchiligimiz bor. Ammo yana qaytarib aytamanki, teatr sahnalarida rol o‘ynayotgan aktyorlar, rejissyorlar, ishoninglar, ular bugun faqat O‘zbekistonda namoyish qo‘ymayapti. Har bir teatr chet elda chiqib, katta teatrlarda spektakllarini namoyish qilishyapti. “Iltimos, yana ikki kun qolinglar” degan talablar bo‘lyapti. Ishoninglar, bizning aktyorlik maktablarimiz juda ilg‘or, xalqaro darajda ko‘radigan bo‘lsak, hech kimdan kam emas”, – dedi vazir savolga javoban.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!