20-iyun kuni boshlangan o’rmon yong’ini Turkiyaning Diyorbakir va Mardin shaharlari oralig‘ida keng yoyilgan. Hodisa ortidan 11 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Fahriddin Koja o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yong‘inda 78 kishi jabr ko‘rgan, ko‘plab qoramol va qo‘ylar ham nobud bo‘lgan. Yong‘in shamol ta’sirida yanada avj olgan.
“Kecha tunda Diyorbakirning Chinor tumaniga qarashli Ko‘ksalan mahallasi va Yozchechagi qishlog‘i bilan Mardin shahrining Mazidag‘i tumaniga qarashli Yujebog‘ va Yetkinlar qishlog‘ida sodir bo‘lgan yong‘inda 11 kishi halok bo‘ldi, 78 kishi jabrlandi”, deydi vazir.
Yong‘inni o‘chirish uchun mamlakat janubi-sharqidan o‘rmon boshqaruvi boshqarmasi, 39 ta tez yordam mashinasi, 4 ta Milliy tibbiy qutqaruv guruhi, o‘t o‘chirish xizmati, favqulodda vaziyatlar xizmati guruhlari yuborilgan. Bir qator aholi punktlarida evakuatsiya e’lon qilingan.
Ayni damda ofatdan jabr ko‘rgan 9 nafar bemor Diyorbakirda, 7 nafari Shonliurfada shifoxonaga joylashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!