Jahon

AQSh Yaqin Sharqdagi qo‘shinlarini kuchaytirmoqda

AQSh Yaqin Sharqdagi qo‘shinlarini kuchaytirmoqda

Eron bilan ziddiyat kuchaygan bir paytda, o‘nga yaqin F/A-18 qiruvchi samolyoti va razvedka samolyoti USS Theodore Roosevelt aviatashuvchisidan AQShning Yaqin Sharqdagi bazasiga uchib ketdi. Bu haqda AP xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, AQSh Pentagonning Eron va uning ittifoqchilari ehtimoliy hujumlariga qarshi Isroilni qo‘llab-quvvatlash harakatlari doirasida Yaqin Sharqqa qo‘shimcha qo‘shin yubordi. O‘nga yaqin F/A-18 qiruvchi samolyotlari AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazasiga USS Theodore Roosevelt aviatashuvchi kemasidan uchib ketdi.

Qiruvchi samolyotlar, shuningdek, E-2D Hawkeye razvedka samolyoti Ummon ko‘rfazida joylashgan aviatashuvchi kemani tark etdi va 5-avgust kuni nomi oshkor etilmagan bazaga yetib keldi, deyiladi xabarda.

HAMAS yetakchilarining o‘limidan so‘ng keskinlashuv xavfi ortdi.

Isroilning ikki muhim raqibi – Bayrutda «Hizbulloh» rahbari Fuad Shukr va Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin Yaqin Sharqdagi keskinlik jiddiy kuchaydi. Bir qator aviakompaniyalar Isroilga reyslarni bekor qildi, chunki mamlakat Eron va Livanning ehtimoliy javob harakatlariga tayyorlanmoqda. Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 1-avgust kuni HAMAS harbiy yetakchisi Muhammad Deyfning o‘lganini tasdiqladi.

HAMAS ham Haniyaning o‘limi haqida xabar berib, hujumda Isroil va AQShni aybladi. HAMASning yuqori martabali rasmiysi qotillik «javobsiz qolmasligini» aytdi, deb xabar beradi AFP.

Bu voqealardan oldin Livandan «Hizbulloh»ning futbol stadioniga raketa hujumi natijasida Jo‘lan tepaliklaridagi Majdal Shams qishlog‘ida kamida 12 bola va o‘smir halok bo‘lgan edi.