Jamiyat

Talabalarni turar joy bilan ta’minlashda yondashuv o‘zgardi

Talabalarni turar joy bilan ta’minlashda yondashuv o‘zgardi

Har yili o‘qish boshlandi deguncha yotoqxona masalasida murojaatlar va muammolar ketma-ket e’lon qilinadi. O‘tgan yildan talabalarni turar joy bilan ta’minlashda yondashuv ancha o‘zgardi, yangi tizim yaratildi.

Eng katta va muhim o‘zgarish – tizim raqamlashdi, vazirlik esa, talabalarni turar joy bilan ta’minlashga qaratilgan markazlarni ishga tushirdi. Bu markazlar yotoqxonalar bilan emas, ijara xonadonlarni topish va talabalarni joylashtirish bilan shug‘ullanmoqda.

Asosiysi, bu jarayonlarga mas’ullar avvalgidek boshini qumga tiqib olib emas, ochiq va dadil javob berishga harakat qilmoqda.

Bugungi kunda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 792 o‘rinni tashkil etmoqda.

Respublika miqyosida 46 252 o‘rinli 86 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda 34 320 o‘rinli 67 ta talabalar turar joylarini qurish ishlari olib borilmoqda.

Toshkent shahrida jami 41 848 o‘rinli 108 ta talabalar turar joylari bo‘lib, 2022/2023-yillarda Toshkent shahrida 7 152 o‘rinli 13 ta talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshirilgan.

Yotoqxonadan joy ololmaganlarga OTMlarda tashkil etilgan markazlar tomonidan ijara xonadonlariga joylashish uchun yordam beriladi. Ijarada turadiganlar shartnoma taqdim etganda Toshkent shahrida BHMning bir barobari (hozir 340 ming), viloyatlarda 0.5 barobari (170 ming) miqdorida yordam pullari beriladi. 1-kurslarga esa ijara shartnomasisiz ikki oylik kompensatsiya puli beriladi.