O‘zbekiston

Vazirlar Mahkamasida «mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasida «mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi

Prezidentning 21 dekabrdagi farmoni bilan «mahalla yettiligi» a’zolarining vazifalari belgilab berildi.

Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi ijro apparatida besh shtat birligidan iborat «mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi.

«Yettilik» tarkibiga mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori kiradi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab «mahalla yettiligi» a’zolarining ish haqini asosiy ish joyidan berish tartibi saqlab qolingan holda asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash natijalaridan kelib chiqib, ular moddiy rag‘batlantirib boriladi.

«Mahalla yettiligi»ning faoliyati KPI bo‘yicha alohida baholanadi. Bunda ko‘rsatkichlar mazkur xodimlarning ish beruvchilari tomonidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Mahalla raislari hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari faoliyatini KPI asosida baholashda 20 foiz ball berish huquqiga ega bo‘ladi.

Ijtimoiy yordam va subsidiyalar aholining kambag‘allikdan chiqishini ta’minlash uchun maqsadli va manzilli yo‘naltirilishi hamda qarorlar qabul qilinishida ochiqlik, haqqoniylik, ijtimoiy adolat va shaffoflik tamoyillariga rioya qilinishi uchun «mahalla yettiligi» mas’ul va javobgar bo‘ladi.