Yangiliklar

Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya qoʻrgʻoshin taʼsiriga qarshi kurashish sohasida ilmiy loyihani amalga oshiradi

Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya qoʻrgʻoshin taʼsiriga qarshi kurashish sohasida ilmiy loyihani amalga oshiradi
Foto: “Dunyo” AA

Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniyaning “Qoʻrgʻoshin taʼsiriga qarshi kurashish loyihasi” (LEEP) nodavlat notijorat tashkiloti koordinatori Charlz Lyudon va menejer Bol Dxital bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

“Qoʻrgʻoshin taʼsiriga qarshi kurashish loyihasi” NNT shaklidagi tashkilot boʻlib, BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. LEEP Jahon qoʻrgʻoshinli boʻyoqlarni yoʻqotish xalqaro alyansi aʼzosi hisoblanadi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda kundalik turmush davomida foydalaniladigan turli boʻyoqlar va shunga oʻxshash mahsulotlarning qoʻrgʻoshin darajasini aniqlash boʻyicha rejalashtirilgan loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xorijiy tomonga koʻra, LEEP Oʻzbekistonda olib bormoqchi boʻlgan izlanishlari davomida mahalliy bozordagi boʻyoqlarni oʻrganib chiqish orqali ular tarkibidagi qoʻrgʻoshin darajasini aniqlaydi va mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Qurilish vazirligiga oʻz takliflarini taqdim etadi.

Izlanishlar toʻliq LEEP tomonidan moliyalashtiriladi va ushbu loyihaga kelgusida 250 ming AQSH dollari ajratilishi rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida, tomonlar mazkur loyihaning dastlabki bosqichi sifatida Buyuk Britaniya delegatsiyasining yurtimizga safarini 8-26-yanvar kunlariga tashkil etish va tashrif davomida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “Qoʻrgʻoshin darajasini pasaytirish boʻyicha mahorat darslari”ni oʻtkazishga kelishib oldilar.