Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim axborot kanallarida “Turkiyada o‘zbekistonliklar deportatsiya qilinmaydi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Migratsiya agentligi ushbu talqinlar noto‘g‘ri ekanini ma’lum qilib, masala bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Agentlikka ko‘ra, Turkiyada o‘tkazilgan so‘nggi muzokaralar deportatsiyani to‘liq bekor qilish haqida emas, balki faqat aniq qonuniy mexanizmlar asosida legallashtirish imkoniyatlari haqida bo‘lgan. Noqonuniy maqomda yurish yoki amaldagi qonunlarni buzish holatlarida javobgarlik saqlanib qoladi.
Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, ayrim manbalar muzokaralar mazmunini noto‘g‘ri talqin qilib, keng jamoatchilikni chalg‘ituvchi xulosalar chiqarmoqda. Agentlik fuqarolarni faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan talqinlarga aniqlik kiritilar ekan, Migratsiya agentligi nolegal maqomdagi fuqarolar masalasida muhim jihatga e’tibor qaratdi. Qayd etilishicha, Turkiyada hozirda noqonuniy maqomda ishlab yurgan o‘zbekistonliklar belgilangan tartibda Turkiyaning migratsiya organlariga yoki Migratsiya agentligining ushbu davlatdagi vakolatxonasiga murojaat qilgan taqdirda, ularning maqomini deportatsiyasiz legallashtirish imkoniyati mavjud.
Biroq bu holat noqonuniy ishlagan shaxs O‘zbekistonga qaytayotganda avtomatik tarzda deportatsiyasiz chiqarib yuboriladi degani emas. Agentlik har qanday davlatda fuqaroning xavfsizligi va huquqlari faqat qonuniy maqom hamda migratsiya qonunchiligiga rioya qilingandagina ta’minlanishini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoq faollarini xabarlarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikka chaqirdi.
Uchrashuvda Turkiyada noqonuniy maqomda bo‘lgan ayrim o‘zbekistonliklarni deportatsiyasiz legallashtirish amaliyotini davom ettirish masalasi muhokama qilingani aytilgan. Shuningdek, Turkiyada kamida uch yil doimiy yashab kelgan o‘zbekistonliklarga 1-martdan boshlab ilk bor ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma berish mexanizmi tilga olingan.
Bundan tashqari, Turkiya Mehnat vazirligi huzuridagi İŞKUR orqali talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha ehtiyojlarni markazlashtirish va ularni Migratsiya agentligiga taqdim etish bo‘yicha kelishuvlar rejalashtirilgani qayd etilgan.
Ammo Migratsiya agentligi ushbu kelishuvlar umumiy amnistiya yoki deportatsiyani bekor qilish sifatida tushunilmasligini alohida urg‘uladi. Legallashtirish faqat belgilangan tartib va mezonlar asosida amalga oshiriladi.