Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida bezorilik bilan bog‘liq holatda ilgari sudlangan shaxs nomidan foydalanib, o‘zini jinoiy yetakchi sifatida ko‘rsatgan fuqaro va uning sheriklari qo‘lga olingan.

Ma’lum qilinishicha, 1993-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan Ravshanov Muhriddin Nuriddin o‘g‘li, “Petya” laqabi bilan tanilgan shaxs hozirda Jinoyat kodeksining 165 va 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun jazo muddatini o‘tamoqda.

Shu bilan birga, 1998-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan Laziz Muhiddinov jazo muddatini o‘tayotgan qarindoshining o‘rnini bildirmaslik maqsadida o‘zini “Petya” deb atab, jinoiy muhitda izdosh orttirib kelgani aniqlangan. U o‘zini jinoiy yetakchi sifatida ko‘rsatib, ko‘cha muhokamalarida qatnashib yurgan.

Holatlarning birida Laziz Muhiddinov o‘zi bilan bir manzilda yashovchi jiyanining S.I. ismli shaxs bilan yuzaga kelgan nizosini “ko‘cha” yo‘li bilan hal qilishni rejalashtirgan. Shu maqsadda u to‘rt nafar sherigi bilan birga Qarshi shahar “Qarshi” mahallasidagi ko‘p qavatli uy avtoturargohiga S.I.ni olib chiqqan.

Tortishuv davomida jabrlanuvchiga turli darajada tan jarohatlari yetkazilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urush-do‘pposlash kabi bezorilik harakatlari sodir etilgan. Ushbu vaqtda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan Laziz Muhiddinov va uning jinoiy sheriklari qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Laziz Muhiddinov va sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi ikkinchi qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar organlari bezorilik jinoyati uchun qonunchilikda qat’iy javobgarlik belgilanganini eslatdi. Qonunga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.