Intervyu, Yangiliklar

“Korrupsiya, ishsizlik, monopoliya va demokratik institutlar muammosi” — faollar O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlari ortib borayotgani haqida

“Korrupsiya, ishsizlik, monopoliya va demokratik institutlar muammosi” — faollar O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlari ortib borayotgani haqida

Advokat Xayrulla Qosimov va “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Demokrat.uz’ga bergan intervyusida O’zbekistonda firibgarlik jinoyatlari ortib borayotgani va buning sabablari haqida fikrlarini bildirdi.

 

Xayrulla Qosimov:

— Firibgarlik jinoyatlari oshishi juda ko‘p omillarga bog‘liq. Ulardan biri insonlarning ishonuvchanligi desak xato bo‘lmaydi. Bundan tashqari kishilarning bilim darajasiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Hozirgi kunda firibgarlikning shunday turlari borki, 100 dollar pulingizni 3 kunda 300 dollarga aylantirib beramiz deyishadi va pullaringizni o‘marishadi. Aqli bor odam esa bunga ishonmaydi. Ikkinchidan, korrupsion holatlarning ko‘payishi. Masalan, bir yigit o‘qishga hujjat topshiryapti, bilimi o‘rtoqlarining bilimi unikidan past bo‘lsa ham tanish-bilish qilib o‘qishga kiradi. Keyin u yigitda, demak, pul berib kirsa bo‘larkan, degan fikr paydo bo‘ladi. Bu fikrga kelgan odamni esa aldash osonroq.

Abdurahmon Tashanov:

— Gogolning “Revizor” asarini olaylik. Unda rus jamiyatining markazlashgan hokimiyatga qanchalar qaramligi ko‘rsatilgan. Bu holat bizda ham kuzatilgan. Sovet davrida firibgarlik holatlari qisman pasaygan deb ayta olaman. Chunki unda ijobiymi, salbiymi, qanday bo‘lsa ham kommunizm degan g‘oyaviy bosimlar bor edi. G‘oyaviy bosim bo‘lgan joyda firibgarlik kam bo‘ladi.

Yana shuni aytish lozimki, jamiyatda ijtimoiy zo‘riqishlar bo‘lsa, korrupsiya, ishsizlik, monopoliya muammolari kuzatilsa, demokratik institutlar bo‘lmasa, firibgarlarni shartli ikkinchi tomon deb olsak, birinchi tomon zaiflashsa, qonun ustuvorligi ta’minlanmasa, firibgarlik ko‘payadi. 1990-1992-yillarda mamlakat mustaqil bo‘lib, iqtisodiy tanglik kuzatilgan davrda ham firibgarlik jinoyatlari oshgan edi. 2000-yillarda ham bu hol qayta kuzatilgan. Va o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi “O‘zbekiston jinoiy jazolarni liberallashtirish bo‘yicha qizil chiziqqa kelib qoldi, buning natijasida jinoyatchilik holatlari oshib ketmoqda” degan mazmundagi maqola e’lon qildi.

Xabaringiz bor, 2000-yillardan so‘ng, iqtisodiy jinoyatlarni liberallashtirish boshlangan edi. Ya’ni qanchadan qancha pullarni o‘marsangiz ham, uning ma’lum bir qismini joyiga qo‘yib qo‘ysangiz bo‘ldi, jazodan qutilasiz. Bu siyosiy nuqtai nazardan to‘g‘ri emas. Birinchi tomonga qattiq qo‘l bo‘lmasangiz, ikkinchi tomonni himoya qila olmaysiz. Davlat tizginini tortib turishi kerak. Demokratik davlatlar tajribasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, firibgarlikda ayblangan shaxs, keltirilgan zararni qoplamaguncha, jazo muddati tugamaydi. Bizni qonunlarimiz esa “egiluvchan” bo‘lib qoldi. Men yaqinda Toshkent viloyatida 12-marta firibgarlik bo‘yicha sudlanayotgan kishining sudida ishtirok etdim. Tasavur qiling, 12 marta. Sudlar ham xayron nima qilishga.

Oʻzbekistonda firibgarlik jinoyatlari ortmoqda. Sabab va yechimlar haqida suhbat

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Tasvirchi Shokir Shoishoqov

Montaj ustasi Aziz Obidov