Yangiliklar

2023-yilda Ombudsman tomonidan xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 80,7 mln soʻmlik aliment toʻlovlari undirib berilgan

2023-yilda Ombudsman tomonidan xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 80,7 mln soʻmlik aliment toʻlovlari undirib berilgan

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga aliment toʻlamagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan sudlanuvchi P.D. oʻziga tayinlangan jazoni yengillashtirish boʻyicha murojaat qildi. Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Bekobod tuman sudining 2023-yil noyabrdagi hukmiga koʻra murojaatchi P.D. Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 1 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan va sud zalidan qamoqqa olingan.

Murojaatchi, arizasida hozirda aliment boʻyicha qarzdorligi toʻliq qoplanganligini maʼlum qilgan. Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, sudlanuvchi P.D.ga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlash haqida sudga Ombudsman xulosasi kiritildi.

Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 5-fevraldagi ajrimi bilan sudlanuvchi P.D.ga 2 oy 15 kun ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi va u hozir oilasi bagʻrida. 

2023-yilda Ombudsmanga aliment undirish boʻyicha 300ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ular soni 2022-yilga nisbatan 17,8 foizga oshgan. Ushbu murojaatlarning oʻrganilishi natijasida Ombudsman tomonidan xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 80,7 mln soʻmlik aliment toʻlovlarining undirilishi taʼminlandi.

Shuningdek, Ombudsmanning tegishli davlat idoralariga murojaat qilishi natijasida aliment toʻlashdan boʻyin tovlagan 5 nafar shaxsga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan boʻlsa yana 3 ta holatda qarzdorlar jinoiy javobgarlikka tortilgan.