Siyosat

Probatsiya xizmati inspektorlariga huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzish vakolati beriladi

Probatsiya xizmati inspektorlariga huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzish vakolati beriladi

O‘zbekistonda probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolati berilmoqda. Bu qonunni Senat ma’qulladi.

Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-moddasi (Ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan shaxslarning bunday nazorat qoidalarini buzishi) sanksiya qismiga amalda bo‘lgan jarima jazosidan tashqari ma’muriy qamoq jazosi ham kiritilmoqda.

Qayd etilishicha, probatsiya bo‘linmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish uchun uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish kerak, bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois muhokama qilinayotgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi to‘rtinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining 185−2 va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qo‘yilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2023-yilda 83 763 nafar shaxs ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratida turgan bo‘lsa, 2024-yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 86 226 nafarni tashkil etgan, ya’ni 2024-yilda bunday shaxslar 2463 taga ko‘paygan.

2023-yilda ma’muriy nazoratda turgan 4167 nafar shaxs sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq (cheklov)larga rioya qilmagani uchun ularga birinchi marotaba ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 2024-yilning 9 oyida 3153 nafar shaxsga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023-yilda 717 nafar va 2024-yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.