Tahlil

Tabiatga zulm qilgan Xo‘jayosh chiroyli tog‘ echkisi ortidan tushib bo‘lmas cho‘qqiga chiqib qoladi. U yerdan endi hech qachon tusha olmasligini anglagach oh-u zor qilib, istig‘for ayta boshlaydi – “Cho‘qqida qolgan ovchining oh-u zori” asari haqida

Tabiatga zulm qilgan Xo‘jayosh chiroyli tog‘ echkisi ortidan tushib bo‘lmas cho‘qqiga chiqib qoladi. U yerdan endi hech qachon tusha olmasligini anglagach oh-u zor qilib, istig‘for ayta boshlaydi – “Cho‘qqida qolgan ovchining oh-u zori” asari haqida

Demokrat.uz nashri kitob mutolaasi targʻiboti yoʻlida “Mutolaa zavqi” loyihasini davom ettirmoqda. Navbatdagi kitob taqrizi — Chingiz Aytmatov va qozoq shoiri Muxtor Shoxonovning Cho‘qqida qolgan ovchining oh-u zori” asari haqida.

Dunyoqarashlari, mulohazalari, sohalari muvofiq kelib qolgan ikki shaxs uchrashib suhbatlashsa, bu suhbatning chegarasi ko‘rinmaydi, tundan tongga ulanadi, mavzularning esa soni bor, sanog‘i yo‘q holga yetadi. Qirg‘iz xalqining, nafaqat qirg‘iz xalqi, balki butun jahonning sevimli adibi Chingiz Aytmatov va qozoq shoiri Muxtor Shoxonovning ana shunday uzundan-uzoq suhbatlari yig‘indisi Cho‘qqida qolgan ovchining oh-u zoriasarida jamlangan.

Diktafon qarshisidagi ikki iste’dodli shaxsning turli xil mavzudagi suhbatlari kitob holiga keltirilib nashr etilgan. O‘zbek tiliga Nabijon Boqiy va Yoqubjon Xo‘jamberdiyevlar tomonidan tarjima qilingan ushbu adabiy suhbat 7 bo‘limdan tashkil topgan. Chunki kitobda 7 ta asosiy mavzu yetakchilik qiladi.

Har ikki suhbatdosh, avvalo, o‘zlarining tarjimayi hollarini gapiradilar. Chingiz Aytmatov otasining xalq dushmani sifatida behuda qamalib ketganligi, oqibatda oilaning boshiga tushgan azob-uqubatlarni ko‘nglida bir og‘riq bilan eslaydi.

Otasi To‘raqul Aytmatov Moskvada ishlarkan, o‘zining ketiga odam tushganini, ishlari tekshiruv ostiga olinganini sezgani zamon oilasini ovulga jo‘natib yuboradi. Uning bu ishi mutlaqo to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Agar ovulga yubormaganida oilasini ham o‘ziga qo‘shib surgun qilib yuborishardi.

Chingizlar ovulga qaytgach deyarli hamma ulardan yuz o‘giradi. Do‘stlar ularning uyini chekkalab o‘tadigan bo‘lishadi. Undan tashqari, shunchaki qarindoshligi uchun ham xalq dushmanining sherigi sifatida qarindoshlarni ham olib ketib qolish holatlari avjiga chiqqandi.

Oilasi To‘raqul Aytmatovni 21 yil umid bilan kutadi. Kunlardan bir kun ularni NKVD idorasiga chaqirishadi va qo‘llariga otalarining o‘limidan so‘ng oqlanganiligi haqida ma’lumotnomani topshirishadi. Butun oilaning barcha umidlari bir lahzada puchga chiqadi. O‘ta og‘ir holatni boshdan kechirishadi.

Xalq dushmani deya urug‘-aymog‘igacha qamab, o‘ldirib, surgun qilib, yillar o‘tgach oqlashlari ham bu kampaniya, bu siyosatning naqadar bema’niligini, ahmoqgarchilikdan boshqa narsa emasligini ko‘rsatib turadi. Kitobda hattoki bir voqea tilga olinadiki, g‘azablanmasdan iloj yo‘q.

Bir o‘qituvchi ko‘chada tursa bir notanish odam kelib tamaki taklif etadi. O‘qituvchi tamakini uzatilgan gazetaga o‘rab tutatgandi hamki, qayerdandir paydo bo‘lgan yana bir notanish kimsa kelib uni hibsga oladi. Gazetada Lelinning rasmi bo‘lganini ro‘kach qilib surgunga yuborishadi. Bu kampaniyaning qo‘lida inson taqdirining qanchalik o‘yinchoq ekanini ushbu voqeadan ham anglasa bo‘lardi…

Kitobning yana bir bobida sadizm, manqurtchilik, zombichilik singari insonning axloqiga, erkinligiyu, haq-huquqlariga daxl qiladigan chirkin illatlar haqida so‘z ketadi.

Sadizm iborasi xorijiy so‘zlar lug‘atlarida fransuz yozuvchisi Markiz de Sad nomi bilan bog‘liqligi ko‘rsatiladi. U o‘zining asarlarida axloqiy buzuqlik, kuch ishlatib, qiynab rohatlanish, ojizlarni rahmsizlarcha azoblash singari yovuz illatlarni aks ettiradi va sadizmga moyilligi bor insonlarni zo‘ravonliklarga qo‘l urishiga sababchi bo‘ladi.

De Sadning Jyustin asarida shafqatsizlik sahnasi tasvirlangan bir parcha bor: Jerkand ismli qahramon dastlab o‘z xotinini yarador qiladi, so‘ng qonni ko‘rib jazavasi tutadi – bundan o‘zini yo‘qotar darajada zavq oladi. Bu hol har hafta takrorlanadi, toki ayoli tamom bo‘lguncha…

Manqurtlikka kelsak, avvallari ayrim qabilalar tutib olgan asirlarini manqurtga aylantirganlar. Ya’ni sochini qirib olib yangi so‘yilgan qoramol yoki tuya terisini kiydirishgan-da, jazirama cho‘lga qo‘yib yuborishgan. Teri issiqda boshga yopishib, kallani qisa boshlaydi. Kamiga endi o‘sa boshlagan sochlar yo‘l topolmay ichiga o‘sadi. Oqibatda asir cheksiz azobda qoladi. Bunday og‘ir qiynoqdan ko‘pchilik o‘lib ketadi. Omon qolgan asir esa xotirasidan, barcha his-tuyg‘ularidan mahrum bo‘ladi. Egasi nima buyursa, shuni bajaruvchi qulga aylanadi.

Insonning aql-idroki, ozodligiga qarshi qaratilgan yana bir jinoyat zombi deb ataladi. Manqurtlikdan u qadar farq qilmaydigan zombichilik Afrika qabilalari orasida tarqalgan. Hozirda asr jinoyatisifatida nom qozongan. Odamni vaqtincha o‘ldirishadi. Ko‘milgach yashirincha kavlab olishadi va turli afsunu giyohlar bilan qayta tiriltirishadi. Qayta tirilgan odam esa manqurt kabi hech narsani eslolmaydi, his qilmaydi, mehnatdan boshqasini bilmaydi. Kuchi esa g‘ayritabiiy darajada oshgan bo‘ladi.

Insonni moddiy narsalaridan: uy-joyi, pullari, bola-chaqasidan mahrum qilish mumkindir. Mayli, sog‘lig‘idan ham mahrum qilishsin. Ana boring, jonidan ayirishsin. Ammo uning xotirasi, hislari, e’tiqodi, umuman shaxsiyatidan mahrum qilish qanchalik jaholat, qanchalik razillik, adolatsizlik axir! Ammo hazrati insonga aynan insonning o‘zi shunday yomonlikni sog‘inyapti. Ana shunday bitmas-tuganmas azobni ravo ko‘ryapti…

Kitobda ekologiya muammolar mavzusiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Kitob nomi ham aynan shu mavzudan kelib chiqib tanlangan. Xo‘jayosh ismli ovchi bo‘ladi. U unashtirilgach bo‘lajak kelin tomonga ovlangan hayvonlar terisidan jo‘natishi lozim edi. Shuning uchun Xo‘jayosh ko‘proq o‘ljaga ega bo‘lish payiga tushadi va buni haddan oshirib yuboradi. Judayam ko‘p hayvonlarning, noyob turlarning hayotiga zomin bo‘ladi. Bir chiroyli tog‘ echkisiga mahliyo bo‘lib, chiqsa bo‘lar, ammo tushib bo‘lmas cho‘qqiga chiqib ketganini bilmay qoladi. U yerdan endi hech qachon tusha olmasligini anglagach oh-u zor qilib, istig‘for ayta boshlaydi. Shu sababdan ham ushbu kitobning ikkinchi nomi Asr adog‘ida aytilgan istig‘fordir.

Tabiat bilan inson munosabatida ham chegara mavjud. Agar inson o‘sha chegarani bosib o‘tgudek, tabiatga hurmatsizlik qilgudek bo‘lsa bu harakati hech qachon javobsiz qolmasligi aniq. Hozirgi kundagi barcha ekalogik muammolarimiz, bundan keyingi ekalogik fojialarimizning barchasi tabiatga nisbatan ko‘rsatgan zulmimiz javobidir…

Xalqlar tan olgan, dunyoqarashi keng kishilarning suhbatlari sermazmun va sermavzu bo‘lganidek Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonovning adabiy suhbatlari ham juda qiziqarli va mazmunlidir. Kitobxonlarimiz kitobni o‘qib ko‘rgach bunga o‘zlari amin bo‘ladilar…