Tahlil

Xitoylik tadbirkorlar Oʻzbekistonda biznes bahonasida oila qurib yashab qolishmoqchimi?

Xitoylik tadbirkorlar Oʻzbekistonda biznes bahonasida oila qurib yashab qolishmoqchimi?
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev oʻzining Telegram kanalida poytaxt havosining sifati bilan bogʻliq holat koʻpchilikda tashvish uygʻotayotganini taʼkidlamoqda.

«OAV maʼlumotlariga koʻra, shahar havosi ifloslanishi boʻyicha ayrim vaqtlarda birinchilikka ham chiqmoqda. 

Bu sanoat chiqindilarining yuqori darajasi va avtomobillar sonining koʻpayishi bilan ham bogʻliq.

Maʼlumotlarga koʻra, bizda xitoylik investorlar ochgan sement zavodlarining barchasi koʻmir ishlatmoqda ekan. Afsuski sanoat korxonalari chiqindilari ustidan nazorat tizimi yetarli natija bermayotgani bois Oʻzbekiston bugun jiddiy ekologik muammolarga duch kelyapti. 

Ulardan asosiylari sanoat, xususan, sement ishlab chiqarishning rivojlanishi, xorij sarmoyasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga taʼsiri bilan bogʻliq. 

Muammoning koʻlamini anglash uchun Oʻzbekistondagi ekologik vaziyatni hal qiluvchi barcha omillarini koʻrib chiqish kerak. Masalan, hozirda Oʻzbekistonda mavjud 38 ta sement zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 36 mln. tonnaga yetadi. Biroq mamlakatda sement isteʼmoli 18 mln. tonnadan ortmaydi.

Bizga ekologik vaziyatni yomonlashtirayotgan bu kabi koʻp sement zavodlari kerakmi oʻzi? 

Afsuski bu korxonalar asosiy energiya manbai sifatida koʻmirdan foydalanishadi. Sement zavodlaridagi koʻmir nafaqat havoni ifloslantiradi, balki global iqlim oʻzgarishiga ham hissa qoʻshadi. 

Soʻnggi vaqtlarda Xitoy investorlari va kompaniyalarining Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻrniga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bir jihatdan xorij sarmoyasining kirib kelishi iqtisodiyot uchun yaxshidir. Ammo boshqa tomondan Oʻzbekistonda yashab qolish niyatida boʻlgan Xitoy fuqarolari mahalliy ayollarimiz bilan turmush qurib, mol-mulk sotib olishayotgani, ijtimoiy-madaniy taʼsir va iqtisodiy hukmronlik haqida xavotirlarni uygʻotmoqda.

Bugun Oʻzbekiston oldida nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki kelajakka mustaqil, ekologik farovon jamiyatni qoldirish vazifasi ham turibdi. Bu ekologik muammolarni hal qilishda kompleks yondashuv, jumladan, toza energiyaga oʻtish, atmosferaga chiqayotgan chiqindilar monitoringi va nazoratini takomillashtirish, aholining ekologik xabardorligini oshirishni talab qiladi.

Bu ishlar havoning ifloslanishini kamaytirish, ishlab chiqarish va barqaror isteʼmol usullariga oʻtish, aholi orasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan choralar bilan bogʻliq. Shundagina Oʻzbekiston tabiiy resurslarini va atrof-muhitni saqlagan holda uygʻun taraqqiyotga erisha oladi.

Shu oʻrinda Xitoy oʻzidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun faol choralar koʻrayotganini taʼkidlash joiz. Masalan, ular koʻmirdan voz kechib, sof energiya manbalariga oʻtish, sanoat chiqindilari ustidan nazoratni kuchaytirish va qayta tiklanuvchi energiyaga sarmoya kiritishga eʼtiborni kuchaytirmoqda.

1980, 1990 va 2000-yillarda Xitoydagi iqtisodiy islohotlarda jadal rivojlanish birinchi oʻrinda edi. Energetik isteʼmolning koʻpayishi va shaharlarni rivojlantirish keyinchalik barchasini qayta yoʻlga solishda qiyinchilikka olib keladi.

Xitoy shaharlari 1980-yillardan beri kengayib bordi. Xitoyliklar rivojlanish umidida edilar. Hukumat ham iqtisodiyotni yuksaltirishga katta ahamiyat berdi.

2012–2013-yillarda Pekinni qoplab olgan tutun-chang hatto yerlarni ham butunlay bosgan edi. Bu havo odamlarning kasallanishiga olib kelib, fuqarolarda norozilik paydo qildi. Havo sifati standartlarining pasayib ketgani odamlarning hukumatga eʼtirozlarini oshira boshladi.

Oxiri 2014-yilda hukumat atmosfera ifloslanishiga qarshi kurash eʼlon qildi. Bu — koʻmir isteʼmolini 62 %gacha cheklab, sof va qayta tiklanuvchi energiyani yanada koʻproq targʻib qilish edi.

Bu maqsadga erishish uchun hukumat atrof-muhit tizimini isloh qildi. Bu yoʻlda sanoat chiqindilariga ruxsat berish tizimlarini ishlab chiqish, havoni ifloslantiruvchi manbalarni monitoring qilish uchun milliy onlayn tizimini yaratish, atrof-muhitga oid maʼlumotlarni ochiqlash va hududlarda ekologik qoidalarga rioya etilishi ustidan federal nazoratni kuchaytirish kabi choralarni koʻrdi. Va bu Xitoyda ekologik viziyatni yaxshilashga imkon berdi.

Ayni paytda bizda ham mana shunday qatʼiy choralarni koʻrish fursati yetib kelgan. Va odamlar amaliy qadamlarni kutmoqda», – deb yozadi Rasul Kusherbayev.