Tahlil

Afgʻon urushi oʻzbeklarning shoʻrolar tomonidan navbatdagi masxaralanishi edi. Afsus, bu mazaxni tushunmadik. Bel bogʻlab, qurol koʻtarib afgʻonga yugurgiladik. Oʻzimiznikilar qoniga oʻzimiz botirildik – “Tushda kechgan umrlar” asari haqida

Afgʻon urushi oʻzbeklarning shoʻrolar tomonidan navbatdagi masxaralanishi edi. Afsus, bu mazaxni tushunmadik. Bel bogʻlab, qurol koʻtarib afgʻonga yugurgiladik. Oʻzimiznikilar qoniga oʻzimiz botirildik – “Tushda kechgan umrlar” asari haqida

Demokrat.uz nashri kitob mutolaasi targʻiboti yoʻlida “Mutolaa zavqi” loyihasini davom ettirmoqda. Navbatdagi kitob taqrizi — Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” asari haqida.

Shunday ogʻir vaziyatlar boʻladiki, tush boʻlib qolsa edi deymiz. Shunday shirin tushlar boʻladiki, uygʻongach eh tushim ekan deymiz. Umrimizning shunday totli damlari boʻladiki, eh tush kabi oʻtdi-ketdi deymiz. Umuman shirin-achchiq kechmishlarimizni tushga mengzaymiz. Chunki tushda hamma narsa boʻlishi mumkin. Baʼzan judayam shirin tushlar koʻramiz. Uygʻongimiz kelmaydi. Saroylarda yurgan boʻlamiz, boy va toʻq his qilamiz oʻzimizni. Vaholanki aslida och va yupun holatda xarobada yotgan boʻlsangiz ham.

Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” asari qahramonlari umrlarini tush kabi kechirdilar, tushdan uygʻonib qarashsaki, har yon zim-ziyo. Hozirgina kezib yurgan gulzorlari tikonzor ekan…

Sujet:

Jurnalistika fakultetining talabasi Rustamni afgʻon urushiga chaqirishdi. Endi birinchi kursni bitirgan edi. Ketishini eshitib onasi, sevgilisi Shahnoza chirqillab qoldi. Rustam Afgʻonistonda ikki yil qon kechdi. Koʻp narsaning guvohi boʻldi. Istab-istamay odam oʻldirdi. Yaralandi. Ammo oʻlmadi. Uyga qaytdi. Boshida kantuzini, biqinida oʻq chandigʻi bilan qaytdi…

Uyga kelsa oila aʼzolari ham urushdagidan kam talofat, ruhiy zarba koʻrishmabdi. Rais boʻlmish otasini “oʻzbeklar ishi” bilan poraxoʻrlikda, qoʻshib yozishda ayblab qamashibdi. Aybini tan oldirish uchun oʻgʻlini – Rustamning akasini ham qamashibdi. Kelinini koʻz oldida zoʻrlatishlarini aytib poʻpisa qilishgach nochor ayblov qogʻoziga imzo chekib 10 yilga kesilibdi.

Faqat bu bilan cheklanishmay, bor bisotlarini-da tortib olishibdi. Rustamning bu gaplarga toqati yetishi qiyin boʻldi. U tabiatan adolatsizliklarga chidab turolmaydigan yigit edi. Dadasining ishi boʻyicha har yoqqa oʻzini urib koʻrdi. Hatto bosh prokror oldigacha kirdi. Bundan hech bir ish chiqmadi.

Rustam seviklisi Shahnozaga uylandi. Toʻy kuni uning eng baxtli kuni boʻlsa, ertasiga eng badbaxt kuni edi. Afgʻonistonda olgan yarasi taʼsirida jinsiy zaif ham boʻlib qolganini biladi.

Qishloq odamlarining koʻzidan nari boʻlishni istab Toshkentdan bir xonali uy oladi. Bu uyni olishi oson kechmaydi. Avvaliga afgʻonga borib kelgan boʻlsang oʻzingga, navbatda turgan afgʻonchilar yetarlicha, uy yoʻq deyishadi. Keyin Rustamning tanish jurnalist akasi mutasaddilarni tanqid qilib maqola chiqarganigami har tugul uy berishadi.

Ammo yangi uyda ham tinchishmaydi. Rustam urushdan asabiy boʻlib qaytgandi, kamiga sogʻligʻidagi muammo sabab arzimas voqea-hodisalardan ham janjal chiqaraverardi. Bir kuni Shahnozani qoʻshnisidan rashk qilib qattiq janjallashdilar. Bu janjalda ochiqlanib qoldiki, Rustam adolat borligi uchun ham berildi deb oʻylayotgan uyi qaynotasining mutasaddilar jigʻildoniga tiqqan 5 ming dollari evaziga kelgan ekan. Bu Rustamning sabrini toshirgan ohirgi qatra tomchi boʻldi.

Afgʻon urushi sabab toʻkilgan adolatsiz qonlar, dadasining tuhmat bilan qamalishi, laʼnati urush sabab ayoliga erlik qilolmayotgani va oxiri uy berilishidagi olchoqliklar uni batamom mavh etgandi. Shahnoza uyiga arazlab ketgach Rustam oʻz joniga qasd qiladi…

Asarda Rustamni hayoti bilan birgalikda komissar laqabli Soat Gʻaniyevning taqdiri ham berib boriladi. U yoshligidan shoʻrolarning sodiq malayi boʻlib ulgʻaydi. Hukumatning yolgʻon mafkurasiga uchib, onasidan kechdi, qishloqdoshlarini ham ayab oʻtirmadi, qanchalab insonlar umriga zomin boʻldi. Koʻplab begunohlarni surgun qildirib sarson etdi.

Oʻzi ikki oʻgʻil koʻrdi. Biri halol jurnalist, biri shoʻrolar dushmani boʻlib yetishdi. Ikkisi ham maslagi otasi bilan toʻgʻri kelmagani sabab uni tark etishdi. Ayoli erta oʻtib ketdi. Oqibatda yolgʻiz qoldi.

Tahlil:

Asar orqali bir qancha muammolar batafsil koʻrsatiladi. Avvalo, Afgʻoniston urushining mutlaqo bemaʼniligi, biz aslida shoʻrolarning yolgʻon mafkurasiga aldanib oʻz qardoshlarimiz qonini toʻkkanimiz, dushmanlarga oʻz qoʻlimiz bilan yordam berganimiz, umuman, qoʻgʻirchoq boʻlganimizni koʻrsatadi. Urush hech qachon yaxshilik olib kelmasligi, faqat “yuqoridagilar”ning bemaʼni orzu-istaklarini amalga oshirish uchun qurbonlar berganimiz aks etgan. Bu esa chetdan kelgan bir dushmanning buyrugʻi bilan oʻz aka-ukangga qarshi hujum qilishdek gap edi.

Ikkinchidan Rustamning otasi orqali “oʻzbeklar ishi” ochib beriladi. Rustamning otasi Shomansur aka halol inson edi. Buni oʻgʻlini urushdan olib qolishga qurbi yetsa-da, pora berib taʼmagirlik qilishni oʻziga ep bilmaganidan ham koʻrishimiz mumkin. Ammo buni fikrlab ham oʻtirishmadi. Asarda nega bu boshqa millat emas, aynan “oʻzbeklar ishi” degan savol qoʻyiladi. Va javob shunday boʻladiki, oʻzbek millati qoʻyday yuvosh, sherigi boʻgʻizlansa oʻz navbatini kutib turaveradi. Oʻziga navbat kelgandagina tipirchilaydi. Ammo unda kech boʻlgan boʻladi. Agar arman yoki gurjilarga shunday qilib koʻrilsin-chi, birdamlikda bosh koʻtarishadi.

Oʻzbek xalqining soddaligidan foydalangan makkor shoʻro hukumati oʻz mafkurasini miyamizga singdirdi. Oqibatda Soat Gʻaniyev singari manqurtlar yetishib chiqdi. Bunaqa koʻzboʻyamachilikka afgʻonlar chidashmadi. Qarshi bosh koʻtarishdi. Qul boʻlishni istashmadi. Bunga qarshi hukumat yana “sopini oʻzidan chiqardi”. Sodda oʻzbeklarni aldab-suldab oʻziga qarshi gij-gijladi. Afgʻon urushi oʻzbeklarning shoʻrolar tomonidan navbatdagi masxaralanishi edi. Afsus, bu mazaxni tushunmadik. Bel bogʻlab, qurol koʻtarib afgʻonga yugurgiladik. Oʻzimiznikilar qoniga oʻzimiz botirildik.

Soat Gʻaniyevning yolgʻizlikda qolishi, tuni bilan oʻldirgan, oʻlimiga sababchi boʻlgan qurbonlari koʻziga koʻrinib chiqishi u uchun hayotning eng ogʻir jazosi edi. Bu oʻlimdan-da ogʻir jazo aslida. Bunday odamlar shunchaki oʻlib ketavermasligi lozim…

2 yil qon kechib oʻlmay kelgan yigit tinch-hotirjam zamonda oʻlib ketishi ajablanarli holat. U shunchaki oʻlmadi. Uni urush oʻldirdi baribir. Urushdan nishona sifatida olib kelgan nuqsoni, adolatsizliklar, haqsiz zulmlar oʻldirdi uni.

Haqsizlikka aksar holatda chetdagi kimsa emas, aynan oʻzimiz sababchi boʻlamiz. Bizning eng katta xatoyimiz haqsizlikni qabul qilishimizda. Afgʻonlarda juda yaxshi shior bor: “Zulm qilma, zulmni-da qabul etma”. Haqsizlik qilmasligimiz lozim. Aslida adolatsizlikni qabul qilishimizning oʻzi oʻzimizga qilgan haqsizligimiz emasmi. Mustamlakachilarning zulmlarini qabul qilganimiz oʻzimizga nisbatan zulm boʻldi. Oqibatda ular shu darajada boshimizga chiqib oldiki, bizni har koʻyga solib mazza qildi. Ularni boshimizga chiqargan ham oʻzimiz emasmi, ahir?!

Shunday ekan, har bir inson haq-huquqlariga, shaxsiy ozodligiga, yurt mustaqilligiga oʻzini daxldor sanab yashashga majbur. Hurriyat bir kishi bilan emas, koʻpchilik bilan, birlik bilan saqlanib qolajak…