Demokrat.uz sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga har kuni turli insonlar turli masalalar bilan murojaat yo‘llaydi. Ularning ba’zilari oilaviy, jamoaviy muammolar bilan bog‘liq bo‘lsa, yana ayrimlari davlat, jamiyat ahamiyatiga molik masalalar. Tahririyatimiz shunday murojaatlarga e’tibor qaratgan holda bugundan boshlab o‘quvchilar tomonidan yo‘llanayotgan murojaatlarning ba’zilarini o‘z sahifalari orqali e’lon qilib borishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Murojaat loyihasining birinchi soni oliy ta’lim tizimiga oid murojaatlarga bag‘ishlanadi. Unda siz Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti doktorantlari va Central Asian University (sobiq AKFA universiteti) talabalarini qiynayotgan muammolar bilan tanishingiz mumkin.
Umid qilamiz, soha mas’ullari talaba va doktorantlar tomonidan yuborilayotgan murojaatlarni bee’tibor qoldirishmaydi.
“Vazirli smetani tasdiqlamasa stipendiyasiz yuraveramizmi?” – stipendiya ololmayotgan doktorantlar murojaati
— Assalomu alaykum, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga qo’shimcha kvota asosida tayanch doktoranturaga qabul qilinganmiz. Bu haqda tegishli buyruq 2023-yil 28-dekabrda chiqqan. Universitet mas’ul xodimlari bizga aloqaga chiqib 31-dekabrgacha ishdan bo’shashimizni 1-yanvardan boshlab asosiy ish joyi sifatida universitet hisobiga o’tishimizni aytishdi. Shunga koʻra ishdan boʻshagandik. Mana uch oydan beri rasmiy daromadimiz yoʻq, universitet esa, hozirgacha stepindiya bermasdan kelmoqda. Murojaat qilganimizda smeta tasdiqlanishini kutyapmiz, vazirlik tasdiqlab bersa, biz ham tashlab beramiz deyishmoqda. Shunaqa boʻlishi mumkinmi? Vazirlik yana 3-4 oy smetani tasdiqlamasa, stepindiya olmasdan yuraveramizmi? O’zi vazirlik qancha muddatda xarajatlar smetasini tasdiqlab berishi kerak? İltimos, shu savollarga javob topishga yordam bersangiz, rahmat.
“Nodavlat universitetlar huquqi cheklanmoqda” – Central Asian University (sobiq AKFA universiteti) talabalari vazirlikdan “Yurisprudentsiya” yo‘nalishi uchun litsenziya berishni so‘ramoqda
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022 yildagi 80-son qarori bilan nodavlat taʼlim xizmatlarini koʼrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash belgilangan.
Biz taʼlim olayotgan universitetimiz – Central Asian University (sobiq AKFA universiteti) oliy taʼlim xizmatlarini koʼrsatish boʼyicha litsenziya talablariga binoan bir nechta ta’lim yo‘nalishlari bilan bir qatorda “Yurisprudentsiya” – Biznes huquqi taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha litsenziya olish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga bir necha bor murojaat qildi. 2023-yil davomida muntazaam ravishda topshirilgan arizalarga rad javoblar olingandan so‘ng, 2024-yil fevral oyida barcha ta’lim yo’nalishlari bo‘yicha tegishli litsenziyalar berildi. Biroq, “Yurisprudentsiya” – Biznes huquqi taʼlim yoʼnalishi bo‘yicha topshirilgan arizalar qaytadan rad etildi (barcha e’tirozlar bartaraf etilgan bo‘lsa ham).
Talabalarning ota-onalari tomonidan kelib tushgan iltimosga asosan, joriy yilning 20-fevral kuni “Yurisprudentsiya” – Biznes huquqi taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha yana bir bor litsenziya olish maqsadida navbatdagi ariza Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga topshirildi. Biroq, bu arizaning taqdiri ham, oldingi arizalar kabi, rad etilishi ehtimoli juda yuqori. Buning sababini qonunchilik bilan asoslab bo‘lmaydi, aksincha bu holat qoqunchilikning qo‘pol buzilishi hisoblanadi.
Afsuski, O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mustaqil qaror qabul qilish vokolatiga ega emas va qonunchilikka binoan mutlaq o‘z vakolatida bo‘lgan masalalarni ham boshqa vazirliklar ruxsati bilan amalga oshiradi. Litsenziya berish vakolati ham shular jumlasidandir. Central Asian University qonunchilikda ko‘rsatilgan barcha talablarni bajargan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar “Yurisprudentsiya” – Biznes huquqi taʼlim yoʼnalishi litsenziya berilishi asossiz fajlar bilan rad qilinmoqda.
Yana bir bor takidlaymiz, Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022-yildagi 80-son qarori bilan oʼrnatilgan barcha talablar Universitetimiz tomonidan to‘liq bajarilgan bo‘lsa ham (normativ hujjatlar, yuridik va badiy adabiyotlar, elektron kutubxona, professor-o’qituvchilar, kompyuter anjomlar, barcha qulayliklarga ega bino) litsenziya berilmayabdi.
Mazkur holatning asosiy sababi – Аdliya vazirligidir. Litsenziya ayni shu vazirlik tomonidan beriladi. Xullas, Central Asian University kabi nodavlat oliy taʼlim muasassalariga sun’iy ravishda yuridik oliy taʼlim hizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya taqiq ostida.
Bizningcha, nodavlat oliy ta’lim muassasalar huquqlarini cheklash va “Yurisprudentsiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha litsenzia bermaslik holati qonunga zid hisoblanadi.
Sizdan mazkur murojaatda keltirilgan holatni o’rgangan holda, nodavlat oliy ta’lim muasassalariga barcha ta’lim yo’nalishlariga bo ‘lgani kabi “Yurisprudentsiya” ta’lim yo’nalishi bo‘yicha ham litsenziya berilishida qonun doirasida ko’rib chiqishini va Kun uz kanalida yoritilishini xohlaymiz.
Eslatma: Agar sizda ham Demokrat.uz sayti orqali yoritish mumkin bo‘lgan murojaat, muammo bo‘lsa uni telegramda @demokratuz_aloqabot orqali bizga yo‘llashingiz mumkin. Shaxsiy ma’lumotlaringiz sir saqlanishi kafolatlanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!