Ishsizlikning eng past darajasi Toshkent shahri, Namangan va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik va uning sabablari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, O‘zbekistonda hozirgi vaqtda jami ayollar soni 18,2 mln. kishidan oshiq va ular orasida ishsizlik 13,4 foizni tashkil etadi.
Tadqiqot natijasiga ko’ra, ayollar orasidagi yuqori ishsizlik ko‘rsatkichlari va past iqtisodiy faollik darajasi bir tomondan yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlari va ayollarning uy ishlariga ko‘p vaqt ajratishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan aholi mentaliteti bilan ham bog‘liq.
Xususan, 2023 yilda respublikada 961 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu esa o‘z navbatida ayollarning mehnat bozoridan vaqtincha bo‘lsada chiqib ketishi va iqtisodiy nofaol maqomiga tushishiga olib kelmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda ayollar vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi, erkaklar 9 soat vaqtini uy ishlariga sarflaydi.
Dunyoda ayollar orasidagi o‘rtacha ishsizlik darajasi 5,3 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 5,5 foizni, Rossiyada 4 foizni, Ozarbayjonda 6,5 foizni, Belarusda 2,8 foizni, Bangladeshda 6,5 foizni, Xitoyda 4,3 foizni tashkil etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!