O‘zbekiston

Tanzila Norboyeva BMT minbarida nutq so‘zladi

Tanzila Norboyeva BMT minbarida nutq so‘zladi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida ilk bor nutq so’zladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etib, qator tashabbuslarni ilgari surgan.

Qayd etilishicha, bu yilgi sessiyada kambag‘allikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tengligiga erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi tamoyillarining hayotga tatbiq etilishi masalalari muhokama qilinmoqda.

“Anjumanda dunyo davlatlarining sohaga mas’ul parlament va hukumat idoralari, vazirlik va tashkilotlari, nodavlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etayotgani qayd etildi”, deyiladi xabarda.

BMT Ayollar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab ayollarning 10,3 foizi o‘ta qashshoqlikda yashaydi. 2030-yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kambag‘allikka barham berishdagi muvaffaqiyat 26 baravarga yuqori bo‘lishi kerak.

Shu boisdan, anjumanda butun dunyo hukumatlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ekspertlar va faolar ayollarning qashshoqligini tugatish va gender tengligini oshirishga yordam beradigan harakatlarni ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb qilish masalalariga e’tibor qaratmoqda.