O‘zbekiston

Chet tilini yuqori darajada biladigan minglab yoshlarga ehtiyoj bor

Chet tilini yuqori darajada biladigan minglab yoshlarga ehtiyoj bor

Bugungi kunda chet tilini yuqori darajada biladigan minglab yoshlarga ehtiyoj sezilmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kecha, 14-mart kuni jurnalistlarga bergan intervyusida keltirib o’tdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda yoshlarning ko‘pchiligida “chetga ketib ishlash” fikri o‘rnashib qolgan. Ular o‘z Vatani, yaqinlari oldida turib ham daromad topish imkoniyatlari haqida o’ylashmaydi.

Shuningdek, xorijiy til xalqaro sertifikatini olgan yoshlarning imtixon xarajatlari Davlat tomonidan to‘liq qoplab berilyotgani ta’kidlandi. Undan tashqari, ingliz tilini biladiganlar uchun qo’shimcha imkoniyat sifatida IT sertifikatiga ega bo’lishi uchun to’lovlariga 100 foiz yordam ko’rsatilmoqda.

Undan tashqari, xorijiy kompaniyalarning ko’pchiligi O’zbekistonga kirib kelayotgani, ularda faoliyat yuritib, 4-5 ming AQSH dollari miqdorida maosh olayotgan yoshlar borligi aytildi.

«Biz chet mamlakatlarga borib O‘zbekistonning IT imkoniyatlarini targ‘ib qilyapmiz. Ular yurtimizga kirib kelganidan so‘ng esa bizga chet tillarini mukammal biladigan yoshlar kerak. Ahamiyatli tomoni, IT eksporti kompaniyalarda ishlash uchun faqatgina dasturchi bo‘lish shartmas, boshqa ko‘plab masofadan ko‘rsatish mumkin bo‘lgan xizmatlar bor. Bu juda imkoniyati keng soha, ushbu kompaniyalarda ishlash uchun chet tilini bilish, biroz salohiyat va harakat kifoya», – dedi vazir.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Vazir jurnalistlardan ana shunday imkoniyatlarni yoshlar orasida targ‘ib qilishda yordam so‘radi.

Eslatib o’tamiz, xorijiy til sertifikati mavjud bo‘lgan yoshlar bo‘lsa, ularni quyidagi so‘rovnomada  o’zlari haqidagi maʼlumotlarni qoldirishlari mumkin. Vazirlik so’rovnoma egasi bilan bog‘lanib, IT kompaniyalarga ishga joylashishiga yordam beradi.