Jahon

Odessaga raketa hujumi uyushtirildi. Qurbonlar bor

Odessaga raketa hujumi uyushtirildi. Qurbonlar bor

Kecha, 15-mart kuni Ukrainaning Odessa shahriga raketa hujumi uyushtirildi. Zarba oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hokimiyat vakillari xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, 75 kishi yaralangan, ular orasida Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xodimlari ham bor. Vayronalar ostidan omon qolganlarni topish uchun qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda.

Birinchi kuchli portlash shaharda ertalab soat 11:00 larda amalga oshirilgan, ko‘p o‘tmay navbatdagi zarba berildi.

«Avval ballistik raketa, keyin qutqaruvchilar voqea joyiga yetib kelganida, ikkinchi zarba bo’ldi. Putin agressiyasi vahshiy tabiatining yana bir ko‘rinishi», deb yozdi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rasmiy vakili Piter Stano X ijtimoiy tarmog‘ida.

Yevropa Ittifoqi Rossiya qo‘shinlarining Odessaga uyushtirgan hujumlarini qoraladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumni “qo‘pol zarba” deb atadi.

Bugun, 16 mart Odessada motam kuni deb e’lon qilindi. Ikki hafta oldin, 2-mart kuni ham 12 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Rossiya hujumi munosabati bilan shaharda motam e’lon qilingan. Halok bo‘lganlarning besh nafari bolalar, eng kichigi to‘rt oylik chaqaloq edi.