Jamiyat

Buxoroda boshqalarning kartasidan pul yechib olgan firibgar ushlandi

Buxoroda boshqalarning kartasidan pul yechib olgan firibgar ushlandi

Buxoroda ijtimoiy tarmoq orqali turli ko’rinishdagi soxta havolalar orqali o’zgalarning kartasidan pul yechib olgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi 31 yoshli B.F. ichki ishlar organlariga bank kartasidan 909 ming so‘m mablag‘ o‘g‘irlangani haqida murojaat qilgan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi 24 yoshli Q.U. sodir etgani aniqlangan.

Shundan so’ng, Q.U. gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan. So’roq qilinganda u internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli xil mazmunidagi xabar jo‘natib, ularning ishonchiga kirib, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali pullarni o‘g‘irlab kelgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (o‘g‘rilik qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.