«Krokus» teraktida ayblangan ikki nafar shaxs qisqa muddatga Rossiya Federatsiyasidan Turkiyaga uchib ketgan. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko’ra, «Crocus City Hall»ga hujum qilishda ayblanayotgan 4 nafar terrorchidan ikkitasi hujumdan oldin qisqa muddatga Turkiyaga uchib ketishgan.
Bu parvoz terrorchilik faoliyati bilan bog‘liq emas, ular buni faqat Rossiyada yashash uchun ruxsatnomani yangilash uchun qilgan, deya xabar beradi Reuters Turkiya xavfsizlik tuzilmalaridagi manbaga tayanib.
Manbalarga ko‘ra, ikkala terrorchi ham 2-mart kuni Turkiyani bir samolyotda tark etgan. Shuningdek, u teraktda ayblanayotgan ikki shaxs uzoq vaqt davomida Moskvada yashaganini qo‘shimcha qildi.
Crocus City Halldagi teraktda ayblanganlar haqida nimalar ma’lum?
Tojikistonlik to‘rt nafar fuqaro Moskva yaqinidagi “Krokus”da terakt sodir etganlikda ayblanmoqda. Ular Shamsidin Fariduni, Dalerjon Mirzoev, Saidakrami Rachabalizod va Muhammadsobir Fayzovlar.
Kecha, 25-martda Moskvaning Basmanniy tuman sudi tomonidan to‘rt kishi hibsga olingan. Keyinroq sud yana uch nafar ayblanuvchi: aka-uka Dilovar va Aminxon Islomovlar hamda ularning otasi Isroilni hibsga oldi. Dilovar Islomov avtomashinaga ega bo’lib, uni terrorchilarga sotgan. Ular terakt sodir etganidan keyin shu mashinada qochib ketishgan.
Eslatib o’tamiz, «Crocus City Hall»dagi terakt 22-mart kuni kechqurun sodir bo’ldi. Binoga bostirib kirgan qurolli odamlar tashrif buyuruvchilar va xodimlarni o’qqa tuta boshlagan. Shundan so‘ng ular konsert majmuasiga o‘t qo‘yishdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 137 kishi halok bo‘lgan, yana 180 kishi jarohatlangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!