O‘zbekiston

Barcha sanoat zonalari atrofida yashil hududlar tashkil qilinadi

Barcha sanoat zonalari atrofida yashil hududlar tashkil qilinadi

Yirik sanoat korxonalarida, barcha sanoat zonalari atrofida yashil hududlar tashkil qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Chiqindi poligonlari atrofida terak, tut, gujum, zarang ekib, yashil belbog‘ barpo qilish, barcha issiqlik elektr stansiyalari, gidroinshootlar, suv omborlari atrofida ham ko‘chat ekish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Ijtimoiy obyektlarga ko‘chatlarni bepul yetkazib berish bo‘yicha o‘tgan yili boshlangan amaliyot bu yil ham davom ettiriladi. Ularga 4 milliondan ziyod ko‘chat bepul tarqatilishi belgilandi.

Soʻnggi vaqtlarda daryolar, tabiiy suv havzalarida elektr bilan baliq ovlash koʻpayib ketayotganiga eʼtibor qaratildi.

Bu yilning oʻzida 39 ta holatda elektr bilan, 436 ta toʻr bilan noqonuniy baliq ovlash aniqlangan.

Mutasaddilarga bu borada taʼsirchan nazorat oʻrnatib, qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi. Brakonyerlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilindi.

Hududlarda obodonlashtirish, tozalikni taʼminlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Har bir viloyatdagi 2 tadan, jami 26 ta tumanda tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalari vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga o‘tkaziladi.

Bunda, tadbirkorlar o‘ziga biriktirilgan hududda daraxt va gullar ekish, ularni parvarishlash, ariqlarni tozalash, ko‘chalarni yoritish bilan birga chiqindilarni olib ketish bilan ham shug‘ullanadi. Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlar tumandagi umumiy obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi va shunga yarasha haq oladi.

Yil yakunigacha yangi tajribani sinovdan o‘tkazib, 2025-yildan barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.