Marg’ilon an’anaviy hunarmandchilik, tadbirkorlik va dizayn bo’yicha milliy treningi bugun, 30-martdan e’tiboran boshlandi.
Mazkur trening Farg‘ona viloyati hokimligi ko’magida hamda O‘zbekiston “Hunarmand” hunarmandchilik va xalq rassomlari uyushmasi, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi bilan yaqin hamkorlikda YUNESKO homiyligida tashkil etildi.
Trening O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosini asrash va targ‘ib qilish hamda ijodkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, trening an’anaviy hunarmandchilikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Dastur nazariy mashgʻulotlardan iborat bo’lib, Oʻzbekistonda anʼanaviy hunarmandchilikning tarixiy rivojlanishi va zamonaviy tendentsiyalari haqida keng tushuncha beradi, deya xabar bermoqda xalqaro tashkilotning O’zbekistondagi vakolatxonasi.
Shuningdek, anʼanaviy kashtachilik, etno dizayn va chitgarlik boʻyicha amaliy mashgʻulotlar ham bo’lib o’tadi.
Ushbu trening O‘zbekistonning turli hududlaridan bo’lgan 60 nafar ishtirokchi uchun O’zbekistonning taniqli ekspert, usta va dizaynerlari tomonidan o’tkazilishi belgilangan.
Mashg’ulotlar Yevropa Ittifoqi va YUNESKO “Afgʻoniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yoʻli merosi yoʻlaklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro oʻlchovi” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!