Tahlil

Oʻzbekistonda “120-modda” bekor qilinishi mumkin

Oʻzbekistonda “120-modda” bekor qilinishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri 1-oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov joriy yilning 25-mart kuni Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 55-sessiyasida ishtirok etdi. Mazkur tadbirda A.Saidov Oʻzbekistonning 2023-yil noyabr oyida Kengashga taqdim etgan 4-milliy maʼruzasini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha berilgan 219 tavsiyalarni amalga oshirish majburiyatini tasdiqlagan.

 

Mazkur tavsiyalarda mamlakatimizda Jinoyat kodeksining erkaklar oʻrtasidagi noanʼaviy jinsiy munosabatlar uchun javobgarlikni belgilovchi 120-moddasini (“Besoqolbozlik”) bekor qilish, jinsiy oriyentatsiyasiga koʻra tahqirlashni taqiqlash va maktab taʼlimida jinsiy (seksual) tarbiya darslarini kiritish kabi qator “bahsli” tashabbuslarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, bu kabi majburiyatlarni tasdiqlashdan avval ularni aholisi asosan musulmon boʻlgan, tarixiy milliy qadriyatlariga ega Oʻzbekiston aholisi oʻrtasida muhokamaga qoʻyish maqsadga muvofiq boʻlib, buning uchun “Mening fikrim” portali, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi va boshqa vositalar mavjud. Holbuki, bunday oʻzgarishlarning hayotga tadbiq etilishi pirovardida aholining diniy hissiyotlari va qadriyatlariga daxl qilib, jamiyatda keskin noroziliklarni keltirib chiqarishi ehtimoli bor.

Shu bilan birga, jinsiy oriyentatsiyasiga koʻra tahqirlashni taqiqlash amalda besoqolbozlik uchun jinoiy javobgarlikka tortishni noqonuniy qilib, qonunchilikda qarama-qarshi kazuslarni yuzaga keltiradi. Qayd etish lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda avval ham Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz va Adliya vazirligi tomonidan besoqolbozlik uchun javobgarlikni bekor qilish harakatlari hamda bu harakatlar ayrim tuzilmalar tomonidan toʻxtatilganligi borasida maʼlumotlar tarqalgan edi.

Eʼtiborlisi, A.Saidovning egallab turgan lavozimlari unga BMT doirasida Oʻzbekiston nomidan biror-bir majburiyatlar olish vakolatini bermaydi. Bundan xulosa qilish mumkinki, u BMT tavsiyalarini qabul qilish uchun yuqori rahbariyatning roziligini olgan boʻlishi mumkin. Oʻz navbatida, “Demokrat.uz”ning hukumatdagi manbalariga koʻra, rozilik olishda soʻnggi yillarda samaradorligini koʻrsatgan usul – ijobiy tomonlarini boʻrrtirib koʻrsatish va salbiy tomonlarini yashirishdan foydalanilgan boʻlishi ehtimoli yoʻq emas.

“Demokrat.uz”ning hukumatdagi manbasiga koʻra, Akmal Saidov joriy yilda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga oʻz nomzodini ilgari surgan boʻlib, yuqoridagi tashabbuslari bilan xalkaro xamjamiyat oldida uz obrusini oshirishni koʻzlagan boʻlishi mumkin.

Shu bilan birga, BMT doirasida olingan majburiyatlarda bir qator ijobiy tashabbuslar, shu jumladan siyosiy partiyalar hamda kasaba uyushmalari tuzish erkinligi ham aks etgan. Bu mamlakatimiz siyosiy hayotida keng raqobat va plyuralizm uchun zamin yaratib, soʻnggi yillarda muqobil partiyalar va mustaqil kasaba uyushmalari tuzishga boʻlayotgan harakatlar uchun yana bir huquqiy tayanch boʻlib xizmat qiladi.

Millat qadriyatlariga zid, aholi oʻrtasi diniy nizoni qoʻzgʻovchi bu kabi siyosiy qarorlarga nisbatan urunish kelgusida bundanda yomoq oqibatlarni yuzaga keltirishi tayin.