Jahon

Eron tahdidi fonida Tel-Aviv boshpana ochish imkoniyatini ko’rib chiqmoqda

Eron tahdidi fonida Tel-Aviv boshpana ochish imkoniyatini ko’rib chiqmoqda

Tel-Aviv mintaqasidagi mahalliy hukumatlar Eron tahdidlari ostida boshpana ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar beradi Isroil matbuoti.

Isroilning Walla veb-saytidagi xabarda aytilishicha, xavfsizlik tarangligi tufayli Gush Dandagi (Katta Tel-Aviv viloyati) ko’pchilik mahalliy hukumatlar bugun tundayoq boshpana ochishni ko’rib chiqmoqda.

Ayni paytda, Isroil Harbiy razvedka boshqarmasi (AMAN) sobiq rahbari Amos Yadlin Eron Isroilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raketa uchirsa, hayron bo‘lmasligini aytdi.

O‘z navbatida, Isroil havo kuchlari Eron tomonidan erta javob zarbasi berish ehtimoli tufayli yuqori shay holatga keltirildi.

13-kanalning harbiy sharhlovchisi Alon Ben-Davidning fikricha, Isroil eronliklar avvalgi davrlarga qaraganda bu safar javob berishga qat’iyroq ekanini tushunib yetdi.

Bir kun avval Isroil armiyasi havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarini kuchaytirish maqsadida rezervchilarni qo‘shimcha chaqirish haqida e’lon qildi.

Eslatib o’tamiz, 1-aprel kuni Eronning Damashqdagi elchixonasi majmuasidagi konsullik binosiga uyushtirilgan havo hujumi natijasida 7 kishi, jumladan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IRQK) 2 generali halok bo‘ldi.

Eron hujum uchun javob qaytarishga va’da berdi va voqeada AQShni aybladi. O‘z navbatida, Tel-Aviv ma’muriyati Damashqdagi hujum uchun mas’uliyatni rasman o‘z zimmasiga olmadi.