Jahon

Isroil brigadasi qo’mondoni ishdan bo’shatildi

Isroil brigadasi qo’mondoni ishdan bo’shatildi

Isroil armiyasi tomonidan uyushtirilgan hujumda 7 nafar xalqaro yordam xodimining halok bo‘lishi ortidan Isroil Bosh shtab rahbari Gerzi Halevi Nahal brigadasi qo‘mondonini ishdan bo‘shatdi.

14-kanal xabariga ko‘ra, Halevi yana bir yuqori martabali brigada zobitini ishdan bo‘shatib, Janubiy mintaqa qo‘mondoni va 162-zirhli diviziya komandirlariga “qattiq ogohlantirish” berishga qaror qilgan.

E’tiborlisi, Isroil Bosh shtab boshlig‘ining bu qadami AQSh prezidenti Jo Bayden va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasidagi telefon suhbatidan keyin amalga oshirilgan.

Bayden Netanyaxuga G’azo sektoridagi yordam xodimlariga qilingan hujumlar qabul qilib bo’lmaydigan ekanligini va AQShning Isroilga bo’lajak yordami «tinch aholini himoya qilish uchun choralar ko’rishga bog’liqligini aytdi.

Eslatib o’tamiz, 1-aprel kuni Isroilning G‘azo sektoridagi Dayr al-Bala hududiga uyushtirgan hujumida WCK xalqaro gumanitar tashkilotining yetti nafar xodimi halok bo‘ldi.

WCK marhum xodimlar Avstraliya, Polsha, Buyuk Britaniya, AQSh-Kanada va Falastin fuqarolari ekanligini aytdi. Hujum paytida ular jangovar harakatlardan tashqari hududda tashkilot logotipi tushirilgan ikkita zirhli mashinada bo’lgan.

“Bu fojia. Yordam xodimlari va tinch aholi hech qachon, hech qanday sharoitda nishonga olinmasligi kerak”, deb taʼkidladi WCK.