Davlat xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda:
“Chortoq-Namangan” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli transport vositasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Chortoq tumanida yashovchi, 1986-y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonida 2 kg. 47 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 4 kg. 942 gr. “gashish” moddasi olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik moddalar muqaddam qirgʻizistonlik narkokuryerlar tomonidan Chortoq tumaniga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilganligi maʼlum boʻldi.
Davlatobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1996-y.t., muqaddam sudlangan shaxs oʻzining boshqaruvida boʻlgan “Lasetti” rusumli avtomashinada 1 kg. 842 gr. “gashish” moddasini Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1984-y.t. fuqaroga 14 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasini qirgʻizistonlik narkokuryer muqaddam Yangiqoʻrgʻon tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketganligi maʼlum boʻldi.
Samarqand viloyati, Urgut tumanida yashovchi, 1988, 1995, 1998-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 936 gr. “opiy” moddasini xaridorga berib, undan kelishilgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi boʻlgan – 1992-y.t. urgutlik shaxs ham ushlandi.
Fargʻona viloyati, Quvasoy shahrida yashovchi, 1986-y.t. shaxs muqaddam tojikistonlik jinoiy sherigi tomonidan Quvasoy shahridagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 950 gr. “gashish” moddasini olib, uni 1987-y.t. hamshahariga pulini keyinchalik berish sharti bilan 6 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik savdosiga Quvasoy shahrida yashovchi, 2002-y.t. fuqaro ham aloqador ekanligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.
Qoʻqon shahrida yashovchi, 1963-y.t. fuqaro Tojikistondan olib kelingan 492 gr. “gashish” moddasini 75 mln. soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!