Qayd etilishicha, avtotransport vositalari, jumladan, taksilar va sayyohlik avtobuslari kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida yo‘lovchilarni tushirish/olish uchun alohida yo‘lak ajratilgan. Ushbu yo‘lakda yo‘lovchilarni tushirish 10 daqiqadan oshmasligi lozim. Uzoqroq vaqt to‘xtash lozim bo‘lsa, avtoturargohdan foydalanish kerak.
Shuningdek, rekonstruksiya ishlari munosabati bilan kuzatuvchilarning Toshkent xalqaro aeroporti jo‘nab ketish zaliga kirishi vaqtincha cheklangan. Istisno tariqasida, homilador va bolali ayollar, qariyalar va nogironlar hamrohligidagi shaxslarga terminal ichiga kirishga ruxsat etiladi. Ushbu shaxslar o‘zlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishlari lozim.
Asosiy uchib ketish terminali oldidagi birinchi qavat qurilishini o‘z ichiga olgan bosqich 2024-yil iyun oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbariyati va Toshkent aeroporti maʼmuriyati vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilar, kuzatuvchi va kutib oluvchilardan uzr so‘raydi, — deyiladi xabarda.