Jahon

Qozog’istonda soʻnggi 80 yildagi eng yirik tabiiy ofat minglab uy va binolarni vayron qildi

Qozog’istonda soʻnggi 80 yildagi eng yirik tabiiy ofat minglab uy va binolarni vayron qildi

Qozogʻistonning yetti viloyatida sel suvlari 5,5 mingdan ortiq uy va binolarni suv bosdi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

«Aqmola, Aqtoʻbe, Atirau, Qoʻstanay, Pavlodar, Shimoliy Qozogʻiston va Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatlarida 3702 ta xususiy turar-joy binolari, 562 ta hovlilar maydoni, 1822 ta qishloq uylari va 73 ta turli maqsadlardagi binolar suv ostida qolmoqda, 155 ta avtomobil yoʻllarining toshqinlari qayd etildi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Maʼlumotlarga koʻra, suv toshqini zonalaridan 72 284 kishi, jumladan 17 217 nafar bolalar qutqarilgan va evakuatsiya qilingan. Uylari suv ostida qolgan 14 430 nafar qozogʻistonlik vaqtinchalik joylashtirish markazlarida. Yoʻllarning yemirilishi oqibatida 61 ta aholi punkti transport aloqasidan mahrum boʻlib qolgan.

«Qozogʻistondagi suv toshqinlari miqyosi va oqibatlari boʻyicha soʻnggi 80 yildagi eng yirik tabiiy ofatga aylandi», dedi prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev fuqarolarga murojaatida. U hozirgi vaziyatni «koʻp yillar davomida kuzatilmagan» tabiiy ofat deb atadi.

Mamlakatning oʻnta viloyatida, jumladan Qozogʻiston gʻarbidagi Atirau viloyatida mahalliy favqulodda holat eʼlon qilindi.

Ta’kidlanishicha, Toʻqayevning koʻrsatmasidan keyin hukumat suv toshqini oqibatlarini kamaytirish boʻyicha saʼyi-harakatlarni kuchaytirgan. Qozogʻiston Bosh vaziri boshchiligida respublika shtab-kvartirasi tuzildi. Prezident tabiiy ofatlarga qarshi kurashish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining barcha imkoniyatlari, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Qurolli kuchlar, Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi kuchlari safarbar etilganini alohida taʼkidladi.

«Vaziyat qiyin, ammo umidsizlikka tushmaslik kerak, biz bu vaziyatni tuzatamiz. Toshqindan jabr koʻrgan fuqarolarga murojaat qilib, shuni aytmoqchimanki, hech biringiz davlat eʼtiboridan chetda qolmaydi, barchangizga moddiy va boshqa zarur yordam koʻrsatiladi», — deydi Prezident.

Shuningdek, Rossiyaning Orengburg viloyatida ham kuchli toshqinlari davom etmoqda.