Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lgan ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bilan yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni tabrikladi.
So‘nggi yetti yilda Jizzaxda ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi.
Bu davrda viloyatga 5 milliard dollar investitsiya, shu jumladan 3 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, 2,5 mingta yangi korxona ishga tushdi.
Bu orqali 45 mingta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratildi. Tadbirkorlar 10,5 mingdan 20 minggacha ko‘paydi. Bu – respublika ko‘rsatkichidan 50 foiz ko‘p.
Hech mubolag‘asiz, Jizzaxda qishloq xo‘jaligidan sanoatga juda katta sakrash bo‘ldi, deb aytishga barcha asos bor.
Shu bilan birga, Jizzax viloyatida iqtisodiyotni yangi bosqichga ko‘tarish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish uchun mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayapti. Viloyat va tumanlar rahbariyatining bu boradagi faoliyati juda sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi uch yilda Jizzaxda yillik aylanmasi 1, 10 va 100 milliard so‘mdan yuqori korxonalar ko‘paygani bilan o‘rta korxonalar sonining o‘sish surʼati kutilganidek bo‘lmayapti.
Viloyat ekin yerida yetishtirilayotgan mahsulot boshqa viloyatlarga nisbatan 2 barobar kam.
Hudud sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq – avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari hissasiga to‘g‘ri keladi. Farmatsevtika, charm-sanoat, metallurgiya, mebelchilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarning ulushi juda kam.
O‘rganishlar natijasida Jizzaxning 13 ta tumanida iqtisodiy turtki beradigan yangi imkoniyat va zaxiralar aniqlangani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu imkoniyatlarni Zarbdor tumani misolida tushuntirib, ularni ishga solish uchun 130 milliard so‘m ajratishga topshiriq berdi.
Masalan, tumanda tadbirkorlar ko‘targan muammolarni hal qilish orqali 5 mingta ish o‘rni yaratish mumkin. “Zarbdor parranda” korxonasining 12 ta mahalladagi 1 mingta xonadonga 1 million bosh jo‘ja tarqatib, aholini band qilish loyihasi shular jumlasidan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!