Amerika diplomatik missiyasi ortidan Ispaniya, Italiya va Gretsiya elchixonalari xavfsizlikka ehtimoliy tahdidlar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ukrainada yashovchi ispan fuqarolariga elektron pochta orqali mahalliy hokimiyatlarning barcha ko‘rsatmalariga rioya qilish va boshpana yaqinida bo‘lish tavsiya qilindi.
Ayni paytda Kiyevda qo‘shimcha blokpostlar, cheklovchi belgilar va to‘siqlar o‘rnatildi. Kiyev shahar harbiy ma’muriyati poytaxtda shahar mudofaasini ta’minlovchi barcha tuzilmalarning malakasi, o‘zaro hamkorligi va jangovar samaradorligi darajasini oshirish maqsadida xavfsizlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishini tushuntirdi.
Bunday mashg‘ulotlar tizimli ravishda o‘tkaziladi va ularga Kiyev mudofaa kuchlari va vositalari guruhlari, shahar harbiy ma’muriyati, patrul, milliy politsiya va boshqa tarkibiy bo‘linmalar jalb qilingan, dedi ma’muriyat rahbari Sergey Popko. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi boshqaruv tizimini takomillashtirish, tashkil etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha samarali hamkorlik qilish (vaziyat keskinlashganda) va tinch aholini himoya qilish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlardan iborat, dedi Popko.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina qurolli kuchlarining Bryansk oblastiga ATACMS raketalari bilan uyushtirgan hujumini G‘arb Ukrainadagi urush «eskalatsiyasini» istashi signali deb atadi. Amerikaliklar ishtirokisiz bunday zarbalarni amalga oshirib bo‘lmasdi, dedi u 19-noyabr kuni Braziliyada bo‘lib o‘tgan G20 sammitidagi matbuot anjumanida. Uning so‘zlarini Rossiya axborot agentliklari keltirmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!