Prezident viloyat boʻyicha asosiy vazifalarni belgilab berdi
Jizzaxda tomorqalarni ishga solish boʻyicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi.
Lider tadbirkor – eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib tomorqada 50 million soʻm daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi.
Bu borada banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratadi, byudjet hisobidan agronom jalb qilish, oʻqitish, mahallada yigʻish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard soʻmgacha grantlar beradi, xonadonlarga Oilaviy tadbirkorlik dasturidan 33 million soʻmdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million soʻmdan kredit ajratadi.
Irrigatsiya tizimlarini yaxshilash maqsadida Janubiy Mirzachoʻl va Tuyatortar kanallarini betonlash boʻyicha uch yillik dastur amalga oshirilishi belgilandi.
Viloyatga investitsiya jalb qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi
Xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, toʻqimachilik va farmatsevtikada 4 milliard dollarlik 22 ta loyihani boshlashga tayyor.
Buning uchun Zomin tumanida sanoat texnoparki, Zarbdordagi Shodlik mahallasida Jizzax sanoat zonasi filiali, Zafaroboddagi Chimqurgʻon mahallasida va Sharof Rashidov tumanidagi Toqchilik mahallasida sanoat zonalari tashkil qilinadi.
Davlatimiz rahbari elektr jihozlari chiqarishni yoʻlga qoʻygan “Mono elektrik” korxonasining kasanachilik asosida 250 nafar koʻzi ojizlarni ish bilan taʼminlash rejasini namunali tajriba sifatida qayd etdi.
“Bu – ular uchun ham doimiy daromad manbai, ham jamiyatda oʻz oʻrnini topishga imkon”, – dedi Prezident.
Mutasaddilarga bu borada Jizzax tajribasini yoʻlga qoʻyish, shu kabi kasanachilik loyihalarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha Sharof Rashidov va Zarbdor tumanida bittadan yirik chorvachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Dronlar yordamida qishloq va oʻrmon xoʻjaligi yerlarida aniqlangan imkoniyatlarni, asalarichilik va baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!