Bugun, 11-aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Xarkov, Zaporoje, Lvov va Kiyev viloyatlaridagi energetika infratuzilmasiga hujum qildi. Bu haqda Ukraina Energetika vaziri German Galushenko ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Rossiyaning 40 dan ortiq raketa va 40 ta droni uchirilishi oqibatida Kiyev viloyatidagi muhim infratuzilma ob’ektida yong‘in sodir bo‘lgan. Energetika xodimlari allaqachon hujum oqibatlarini bartaraf etishga kirishgan.
«Bugun tunda mintaqaga kamikadze dronlari va raketalar bilan ommaviy hujum uyushtirildi. Signal 5 soatdan ortiq davom etdi. Afsuski, havo hujumi paytida Kiyev viloyatidagi muhim infratuzilma ob’ekti zarar ko‘rdi», dedi Kiyev viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Kravchenko.
Hozircha jabrlanganlar va halok bo‘lganlar haqida ma’lumot olinmagan. Odessa viloyatidagi elektr podstansiyalari va ishlab chiqarish inshootlari ham zarar ko‘rgan. Xarkov viloyatida elektr ta’minoti cheklangan. 200 mingga yaqin abonent elektr ta’minotisiz qolgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!